AsosiyShou-biznes

Nazarbekovning konsertida barchani yig`latgan qo`shiq matni kimga tegishli?

Ozodbek Nazarbekovning “Ardog`imdasiz”  nomli konsert dasturining ikkinchi kunida tahririyatimiz bilan mehmonda bo`lgan edik. Konsert kulminasiyasi bo`lgan “Aytib beraman” nomli qo`shiq barchaning ko`ziga yosh to`ldirib, olqishlarga sazovor bo`lganiga guvoh bo`ldik. O`sha kundan buyon ijtimoiy saytlarda “qo`shiq matni kimniki” deya qizg`in bahs ketmoqda. Tortishuvlar oxiri shunga borib etdiki, hattoki Nazarbekovning o`zi aynan shu mavzuga bag`ishlab 18 aprel kuni  matbuot anjumani  o`tkazdi. 

Bahsga oydinlik kiritish maqsadida tomonlardan biri - Baxriddin Asror bilan bog`landik.

Baxriddin Asror: “Plagiat tamg`asini ko`tara olmayman”

Men bu mavzudagi she`rni bundan bir yil muqaddam ya`ni 2014 yil 5 fevral kuni yozganman. Shundan so`ng she`rimni Ravshan Jo`raev bir yil mobaynida tadbirlarda, bayramlarda aytib yurdi. Bu she`rni yozganimni barcha tanishlarimiz yaxshi bilardi. Nazarbekovning konserti boshlangach hamma menga sms yozib «tabriklaymiz she`ringizni Ozodbek qo`shiq qilib aytibdi, juda ajoyib, yurakni o`rtaguvchi qo`shiq chiqibdi” deb  telefon qila boshlashdi.  Ochig`i xursand bo`ldim, ammo bir ikki kun o`tgach, “u she`r seniki emas, Botir Ergashevniki ekan” deb mendan xafa bo`lishdi. Men hozir kimnidir plagiatlikda ayblamoqchi emasman ammo yaqinlarim, meni taniganlar meni ko`chirmachiga chiqarishlarini  ko`tara olmayman.

Baxriddin Asror she`ri

Urush nima, o`q nima bilmagan edim

Hali besh yoshimgayam to`lmagan edim

 Yangi o`yinchog`imga to`ymagan edim

 Barchasini xudoga aytib beraman!

 Vaxshiylik, qotillik barchasi gunoh!

Jabru zulming arshda bo`lgusi so`roq

Battol! Isyoningga millionta guvox

Barchasini xudoga aytib beraman!

Qanday bandasanu sen, qandayin ummat

Qo`ling qon, ko`zing qon, qarashing zulmat

Tangrimga etkazish xam farz, xam sunnat

 Barchasini xudoga aytib berman!

Senlar iblismisan, yo shayton-la`na

Qon oqqan yurtida qilgan tantana

Yuz minglab mendaylar qilmasdan ta`na

 Barchasini xudoga aytib beraman!

Do`xtirjon, mengamas onamga qarang

Otam, akam opam, o`rtog`imga ham

Jonin asrab qoling, xavotir olmang

Barchasini xudoga aytib beraman!

Vatanim tinch bo`lsa yashamasmidim

Ota onam bag`rida o`ynamasmidim

Besh yoshimga to`lmay olamdan o`tdim

Xammasi xudoga aytib beraman

O`zbekistondek tinch totuv yurt bor ekan

Bolalari faqat o`ynab kularkan

Tinchliksevar Yurtboshisi bor ekan

Bunisini jannatdek aytib beraman!

Yozuvchilar uyushmasi a`zosi Botir Ergashev bilan bog`langanimizda u mazkur masalaga quyidagicha fikr bildirdi.

Botir Ergashev: “Bunday bo`lishi mumkin emas”

Men ham ijtimoiy tarmoqlarda  bu gaplarni eshitdim, to`g`risi e`tibor bermaslikka harakat qildim. Avvalo bu mavzu ya`ni notinch mamlakatda daydi o`qning qurboni bo`lgan bolaning jarrohlik stolida birdan o`ziga kelib “hammangizni xudoga aytib beraman”, deya jon berishi meni daxshatga soldi. Kechaning bir paytida ilxom quyulib bir o`tirishda ko`zlarimda yosh bilan bu she`rni yozdim. Endi plagiatlik mavzusiga qaytadigan bo`lsak bu erda hech kim plagiat emas. Bir mavzu haqida o`nlab yuzlab odam qalam tebratishi mumkin-ku.

BOTIR ERGAShEV she`ri

Nadomatki, yaratganga yolvorib

Deyolmasman murg`ak jonim qaytib ber

Ular seni o`ldirdi endi borib

Xammasini Alloximga aytib ber

Notinch yurtning peshonasi sho`r o`g`li

Dunyo axlin zor yig`latgan zo`r o`g`li

Endigina uch yosh eding go`ro`g`li

Xammasini Alloximga aytib ber

Har yurakka hayratlardan tug` ilib,

Nima ko`rding bu dunyoda tug`ulib

Yashamasin desang meni bo`g`ilib

Hammasini Allohimga aytib ber

Qancha qancha haddan oshgan boylar bor,

Burda nonga intiq holi voylar bor

G`arb atalmish gunohga g`arq joylar bor

Hammasini Allohimga aytib ber

Aytgin barcha shaytonga ulfatlarni

Yosh boshingga tushgan g`am-kulfatlarni

O`laksalar izlagan kalxatlarni

Xammasini Alloximga aytib ber

Donolar xor nodon o`rni to`r bo`ldi

Kimki g`o`rni ensa, o`sha zo`r bo`ldi

Uch yoshingda etgan joying go`r bo`ldi

Hammasini Allohimga aytib ber

Ezgulikni xo`p ezgusi borlar- G`arb,

Osiyoni osiylikka chorlar-G`arb.

G`arbdan chiqqan quyosh kabi porlar-G`arb,

Hammasini Allohimga aytib ber

Doktorlar mot, qismat degan "Farzinga"

Chora topmay ko`ksingdagi darzingga

Qo`shilaman hamma-hamma arzinga.

Hammasini Allohimga aytib ber

Faxsh otli kungil kuzi kurlarni,

Giyoxvandlik dardi yukkan g'urlarni,

Dinni nikob aylagan terrorlarni,

Xammasini Alloximga aytib ber!

Tug`ilsayding o`zbek degan millatda

Yashar eding minnati yo`q rag`batda

Xurginajon endi borib jannatda

Xammasini xammasini aytib ber

Bizningcha ijodda bunday hodisalar bo`lishi tabiiy, bir voqea yuzasidan bir qancha ijod namunalari yaratilganligi ham sir emas. biz xulosa chiqarishni muhlislarning o`ziga qoldirmoqchimiz.

 

    Boshqa yangiliklar