AsosiyShou-biznes

Vatandoshlarini haqoratlagan Nargiz so`zlari uchun uzr so`radi

Kuni kecha Zokirovlar sulolasining vakili bo`lmish asli o`zbekistonlik Nargiz Zokirova o`zining Instagram’dagi sahifasida tanqidli izohlar qoldirgan o`zbekistonlik vatandoshlariga qarata javob yozdi. U o`z murojaatida shunday so`zlarni bildirdi:
“Hali joningizga tegmadimi??? Meni tinch qo`ysangiz-chi, sizga o`xshaganlardan, O`zbekiston deb atalmish jahannamdan qochib ketganimga 20 yildan oshiq vaqt o`tdi. Men o`sha erda yashaydigan qarindoshlarimni ko`rmayman, ularni judayam sog`inaman, lekin siz kabi razil, jirkanch nodonlar va riyokorlar tufayli o`z vatanimni tark etishga majbur bo`lganman! Bu sulolani er bilan yakson qilish emas, u bilan faxrlanishingiz kerak edi! Men bobom, buvim, tog`alarim, otam O`zbekiston madaniyati taraqqiyotiga juda katta hissa qo`shganidan faxrlanaman. O`z familiyam ostida iftixor his etaman! Shuni bilishingizni istardimki, bu qanchalik qo`pol yangramasin, meni la`natlashga va menga qarata juda xunuk va jirkanch izohlar yozishga qo`li boradiganlar tufayli O`zbekistonni o`z hayotimdan tag-tomiri bilan uzib olishimdan uyalaman ham! Men sizning, ha, aynan sizning respublikangizdan chiqqanligimni unuting! Men sizniki emasman! Va hech qachon bo`lmaganman. Na e`tiqodim, na qiyofam, na ruhim va na qalbim bilan! Men erkin insonman! Mening Vatanim bu AQSh, Rossiya, Dog`iston, Hindiston, Xitoy… Ishqilib, har qanday joy bo`lishi mumkin, lekin siz emas!!! Meni va oilamni o`z holiga qo`ying, yolvoraman!!! Va xudo haqqi, sahifamdan keting, o`zingiz atagandek, “shayton”dan nari yuring! Bu er siz kabi “e`tiqodlilar” uchun emas!!!”

Nargiz: “Nabiramga nisbatan bildirilgan fikrlar hammasidan oshib tushdi”

Oradan hech qancha vaqt o`tmay Nargiz Zokirova o`z hamyurtlaridan qizishib ketgani uchun uzr so`radi.

“Super.ru” nashrining xabar berishicha, Nargiz g`azabini faqat uni haqoratlaganlarga qaratilganligini ma`lum qildi. “Men hali-hamon o`z vatanim sifatida O`zbekistonni e`tirof etaman”, deydi san`atkor.

“Suratlarimga nisbatan turli iflos gaplar yozishganida chidab, indamay turishim mumkin, sababi tashqi ko`rinishim aksariyat hamyurtlarim uchun tushunarsiz ekanligini tushunaman… Biroq nabiramning suratini joylaganimda unga nisbatan bo`lgan yomon izohlarga chidab tura olmadim. Kecha kun davomida yig`ladim. Ularni o`qish qanchalik qiyinligini tasavvur ham qilam olmaysiz”, — deya o`z harakatini izohladi Nargiz.

Nargiz vatandoshlariga ushbu postni jahl ustida yozganini bildirmoqchiligini aytdi.

“To`g`ri, ehtimol men o`zimga mos bo`lmagan vaqt va joyda tug`ilgandirman, balki hamyurtlarim dunyoqarashiga mos emasdirman. Lekin qanday qilib o`zim tug`ilgan va ota-onam yashayotgan vatanimni yomon ko`ra olaman? Shu millat sharofati bilan dunyoga keldim. Biroq ko`plab hamyurtlarim meni ulardek bo`lmaganim uchungina umr bo`yi yomon ko`rib kelgani menga juda alam qiladi. Axir shu tufayli men o`z vatanimni tark etishimga to`g`ri kelgan”, — deya hislarini izhor qildi san`atkor.
“Bu haqiqatan mening vatanim, mening ajdodlarim, men o`zbekligimdan faxrlanaman. Meni noto`g`ri tushungan kishilardan uzr so`rayman, bu butun O`zbekistonga qaratilmagan edi”, — deya gaplariga yakun yasadi Nargiz.
 

    Boshqa yangiliklar