AsosiyJamiyat

Banklarning fond birjasi savdo bitimlaridagi ulushi 52,3 mlrd so`mni tashkil etdi

Banklar bugungi kunda fond birjasining eng faol va eng asosiy ishtirokchisi bo`lib qolmoqda. Fond birjasi umumiy savdo aylanmasida tijorat banklari ulushining yuqoriligi bank qimmatli qog`ozlarining ishonchliligi, ular to`g`risidagi axborotlarning ochiqligi va investision jozibadorligidan dalolat beradi.

Bu borada “Toshkent” respublika fond birjasi Axborot-tahlil bo`limi boshlig`i O`ktam Ochilov axborot berdi.

“Joriy yilning birinchi chorak yakunlariga ko`ra, tijorat banklarining “Toshkent” respublika fond birjasidagi umumiy savdo bitimlaridagi ulushi 95,6 foizni, yoki 52,3 mlrd so`mni tashkil etdi, - dedi u. – Ushbu ko`rsatkich o`tgan yilning shu davrida 80,7 foizni, ya`ni 10,1 mlrd so`mni tashkil etgan edi. Agar biz ushbu raqamlarni 2010 yil bilan solishtiradigan bo`lsak (49%), bank aksiyalari savdosi birja bitimlarining umumiy hajmida so`nggi besh yil ichida deyarli ikki baravar ortganligini ko`ramiz”.

Respublika fond birjasi tijorat banklarining birja savdolarida faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib kelmoqda. Birgina 2014 yilda fond birjasida savdo hajmi yuqori bo`lgan yirik 10 ta emitentning 9 tasini tijorat banklari tashkil etgani bunga misol bo`la oladi.

“Bizning tahlillarimiz fond birjasi savdolarida investor sifatida jismoniy va yuridik shaxslarning tijorat banklari qimmatli qog`ozlariga bo`lgan qiziqishi va ishonchi yildan-yilga izchil oshib borayotganini ko`rsatmoqda, - deb davom etadi O`.Ochilov. – Xususan, 2014 yil davomida birja savdolari orqali jismoniy shaxslar investisiyalarining 93,4 foizi, yuridik shaxslar investisiyalarining 86,3 foizi aynan tijorat banklari qimmatli qog`ozlariga yo`naltirilgan”.

Uning so`zlariga ko`ra, tijorat banklari qimmatli qog`ozlar bozorida bir vaqtning o`zida bir qancha vazifalarni bajarishi mumkin. Ma`lumki, banklarning aksiyadorlik jamiyati shaklida faoliyat yuritishi ularga qimmatli qog`ozlarni chiqaruvchi emitent sifatida fond bozorida faol ishtirok etishiga imkoniyat beradi. Shu sababli, tijorat banklarining birja savdolariga qo`yilayotgan qimmatli qog`ozlari mamlakatimizda pul aylanishini jadallashtirish, yuridik va jismoniy shaxslarning vaqtincha turgan bo`sh pul mablag`larini jalb etib, ularni iqtisodiyotning asosiy tarmoqlariga investisiya qilishda qo`l kelmoqda.

Bundan tashqari, tijorat banklari repo bitimlarini amalga oshirishda investor sifatida ishtirok etishlari mumkin. Ma`lumki, repo bitimlari qimmatli qog`ozlarni garovga qo`yish yo`li bilan pul mablag`larini qarzga olishning ommabop usuli bo`lib, investisiya kiritishning boshqa usullariga qaraganda xavfsiz hisoblanadi va investorlarning zarar ko`rish darajasini pasaytiradi.

“Repo bitimlarini tuzishda ham tijorat banklari va sug`urta kompaniyalari ulushi yuqoriligicha qolmoqda, - deb ta`kidladi O`.Ochilov. - Hozirga qadar fond birjasida 48 ta emitentning aksiyalari ishtirokida 84,1 mlrd so`mlik 335 ta repo bitimi amalga oshirilgan bo`lsa, uning 60 foizga yaqini ushbu moliya muassasalari ulushiga to`g`ri keladi”.

Shu bilan birga, tijorat banklari qimmatli qog`ozlar bozorida professional ishtirokchi sifatida qatnashish imkoniyatiga ega. Ular fond bozorida investisiya vositachisi va maslahatchisi, aktivlarni ishonchli boshqaruvchi, transfer-agent va depozitariy sifatida namoyon bo`lmoqda. Buning uchun banklardan qimmatli qog`ozlar bozorida professional ravishda ishtirok etishi uchun alohida lisenziya talab etilmaydi.

Bugungi kunda bir qator tijorat banklari qimmatli qog`ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish uchun brokerlik idoralarini tashkil etgan holda fond bozorida samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Bu esa banklarga aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyalarini sotish va sotib olish orqali qo`shimcha daromadga ega bo`lishini ta`minlamoqda.

“Bugungi kunda 20 ta tijorat bankining qimmatli qog`ozlari birja savdolariga qo`yilgan bo`lib, ularning aksariyati birja listingining yuqori “A” toifasiga kiritilgan. Mazkur banklarning qimmatli qog`ozlari birjada muntazam kotirovka qilinadi va ommaviy axborot vositalarida yoritib boriladi”, deya qo`shimcha axborot berdi fond birjasi mutaxassisi.

Qimmatli qog`ozlar bozorining asosiy savdo maydoni hisoblangan “Toshkent” respublika fond birjasi tijorat banklarining birja savdolaridagi ishtirokini kengaytirish uchun ularning xorijiy investorlar va moliyaviy institutlar bilan o`zaro samarali hamkorligini rivojlantirish, tajribalarini o`rganish bo`yicha tadbirlarni tashkil etishda har tomonlama qulaylik yaratib boradi, deb ishonch bildirdi “Toshkent” RFB mutaxassisi O`ktam Ochilov.

    Boshqa yangiliklar