Iste`dodli aktyor, ustazoda san`atkor Alisher Uzoqov yaqinda tomoshabinlar e`tiboriga “Kuzda gullagan daraxt” nomli filmini taqdim etgandi. Shundan keyin u “Hayotda” filmida ham asosiy rollardan birini ijro etdi. Yana jo`shqin ijodga qaytgan aktyorni “Tengdoshlar” loyihasiga taklif etishga qaror qildik...
Shahnoz, xonanda bastakor, shoira:
— Alisher Uzoqovni iqtidorli ijodkorlar safiga bemalol qo`sha olaman. U rollari bilan xalqimizning yuragiga kirib bora olgan aktyor. Qo`shiqchilikda ham yomon natijaga erishmadi. Alisherning ijodiy faoliyatidagi biroz tanaffus, uning dunyoqarashini yanada o`stirganiga ishonaman.
— Alisher ko`rishmaganimizga ancha bo`ldi. Men san`atkor sifatida ijodkorga biroz tanaffus kerakligi va bu yaxshi samara berishini juda yaxshi bilaman. Sizning ham tanaffusingiz ancha samarali bo`lgandir.
— Ochig`i, tanaffusda edim desam noto`g`ri bo`ladi. Bugungi kun kinosanoatidan ko`nglim to`lmayotgani sabab, uni rivojlantirishga harakat qilib ko`rdim. O`tgan oy “Kuzda gullagan daraxt” uchinchi rejissyorlik filmimni tomoshabinlar hukmiga havola etdim. Bu filmda o`z ishining haqiqiy jonkuyarlari, professional kino ijodkorlar ishlashgan. Keyin bu tanaffus oralig`ida rejissyor Yolqin To`ychievning “Hayotda” nomli filmlarida suratga tushdim.
— Ochig`i hali bu filmni ko`rishga ulgurmadim. Lekin nomidanoq meni o`ziga tortyapti:
— Bu film o`zbek kinosida juda katta yangilik, uning so`ngi yillardagi eng katta yutuqlaridan biri desam mubolag`a bo`lmaydi. Filmda suratga tushib aktyor sifatida qanday kinoda rol o`ynash kerakligini mana endi tushunib etdim. Kadr ortidagi qahramonlar – rejissyor va operatorlarning mehnati ham taxsinga sazovor. Men sizga bu filmni tomosha qilishni tavsiya qilaman.
— Albatta. “Kuzda gullagan daraxt” filmingizning premerasiga taklif qilgandingiz. Eshitishimcha filmni suratga olish g`oyasi tug`ilishida boshqa hamkasblaringizning ham hissasi bor ekan. Aslida komediyadan chekinib, dramaga o`tishning sababi nima edi?
— Kino san`ati qozonida qaynayotgan odam, aktyor sifatida uning bugungi ahvoliga biroz achinaman desam mubolag`a bo`lmaydi. Bu filmni olish g`oyasi esa kinoaktyorlarimiz bilan bir davrada tug`ilgan. Bundan ikki yil avval ko`pchilik aktyorlar bilan bir viloyatga gastrol safariga bordik. O`shanda hamkasblarim “aktyorlarning orasidan bitta sen rejissyorlikka qo`l uryapsan, kimning iqtidori nimaga etishini bilasan, aktyorning dardini his qila olasan. Yaxshi film ishlasang, biz ham unda rol o`ynasak,” degan taklifni berishdi. Gastroldan qaytayotib filmning umumiy g`oyasi ko`z o`ngimda gavdalanib, uning so`nggi voqealari quyilib kelaverdi. Ssenariyni ham bir yil deganda yozib tugatdim. Suratga olish ishlariga ham bir yilga yaqin vaqt sarfladik.
— Nega filmning saundtreki yo`q. Men o`zingiz aytsangiz kerak deb o`ylagandim.
— Yo`q, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Sevara Nazarxonga ayttirmoqchi edik, imkoni bo`lmadi. Shuning uchun filmni saundtreksiz tomoshabinlarga havola etdik. Yaxshi film soundtreki bor yo`qligiga qaramaydi, menimcha.
— Xonandalik borasida ham yangiliklar bormi? Har holda yomon ijod qilmagandingiz...
— Xonandalikda hali biror narsaga qo`l urganimcha yo`q. Balki, qo`shiqchilikni yana davom ettirarman lekin hamma xonandalar singari har hafta yoki har oy qo`shiq chiqaraman deb va`da bermayman. Balki bir yilda, balki 5 yil yoki 10 yilda bitta qo`shiq aytarman. Yaxshi qo`shiq aytsangiz, menimcha bunga vaqtning ahamiyati yo`q. Odamlar topib eshitaveradi. So`nggi qo`shig`imni aytganimga 4-5 yil bo`ldi. Lekin bu vaqt oralig`ida xonandalikdan umuman begonalashdim deb aytolmayman. Bir-ikkita qo`shiqlar tayyorladik, lekin ular xalqqa taqdim etishga hali tayyor emas.
— G`ururlanib aytshi kerakki bugun bizning filmlarimiz ham xalqaro festival, tanlovlarda ishtirok etib, mukofotlarni qo`lga kirityapti. Hammamiz bilamiz, kino olamining eng yuksak mukofoti bu “Oskar”. Nima deb o`ylaysiz: kelajakda bizdan qaysi rejissyor o`z filmi bilan “Oskar”ga nomzod bo`la oladi?
— Men albatta! (kulgi ko`tarildi)
— Yangi filmingiz bilanmi?
— Yo`g`-e darrov tilimdan tutmang-da. “Oskar”ga atalgan g`oyalar xali faqat miyamda charx uryapti xolos. Uni esa amalga oshirish kerak. Nasib qilsa albatta o`zbek kinosi ham “Oskar” oladi. Agar yaxshi kino chiqarsak, bu mukofotni olishimizga ishonchim komil. Ijodkorning ijodini hech narsa to`xtata olmaydi. Ijod yurakdan vulqon kabi otilib chiqaveradigan narsa. Ijodkordan hamma narsasini olib qo`ysangiz ham, o`sha yuragidan otilib chiqayotgan narsani olib qo`yolmaysiz. Haqiqiy ijodkorning ijodi esa, yuragi to`xtaganda to`xtaydi xolos. Qanday cheklovlar qo`yilishi, qanday nohaqliklar bo`lishidan qat`i nazar u ijodi bilan o`sha to`siqlarni yorib chiqaveradi. Demoqchi, bo`lganim yaxshi ijodkorning, arzigulik ishi ham nazardan chetda qolmay “Oskar”gacha etib boraveradi. “Oskar”ni olaman deyishim balki kulgili tuyular, lekin asosiysi niyat bor.
— Faqat orzu va intilishning o`zi kamlik qiladi, menimcha.
— Albatta filmning byudjeti ham shunga mos bo`lishi kerak. Har holda bizda 50-60 mln. so`mga olinayotgan filmlar “Oskar”ga yaqin bora olmasligi aniq. Buncha sarf harajat bilan xalqaro mukofotlar darajasiga chiqaman desangiz, salkam daxo bo`lishingiz kerak (kulib). Hohlaysizmi yo`qmi kinoning rivoji uchun katta mablag` kerak. O`zbek kinosida arzon filmlar shundoq ham qalashib yotibdi. Rejissyorlarning asosiy maqsadi kamroq pul sarflab, xalq tanigan aktyorlarni arzonga, iloji bo`lsa tekinga o`ynatib, kino “yasash”, shuning ortidan daromad topish. Kinoni rivojlantiray, o`zbek kinosi ham jahonga chiqsin, deydiganlar kam. Asosiy maqsad hech qancha pul sarflamay, katta daromad olish, tirikchilik qilish bo`lib qolgan. Rejissyorlar shunday qilib turgandan keyin o`zbek kinosi qanday qilib rivojlanadi? Ko`p rejissyorlar bilan bir davrada o`tirib qolsam, aksariyati filmga deyarli pul sarflamaslikni, sifatli kameralarda emas, oddiy fotoaparatda ham kino olsa bo`lishini aytadi. Kechirasiz-u tomoshabinni qachongacha aldaymiz? Bugungi tomoshabin bemalol xorij filmlari bilan biznikini taqqoslaydigan darajaga etgan. Ularning dunyoqarashi kechagidek emas. Xullas, gapiraman desam gap ko`p, birovni qo`ya turaylik, shaxsan o`zim kinoning rivoji uchun qattiq harakat qilyapman
Qamariddin Shayxov: Kuni kecha bobongiz O`zbekiston xalq artisti Ma`murjon Uzoqovning hayoti va ijodi haqida hujjatli filmni tomosha qilgandim. Nazarimda badiiy filmlarning prototipi ham aslida hayotdan olinishi kerak. Ming afsuski bugungi kinolarda prototipning o`zi yo`q. Shuning uchun balki bobongizning hayoti haqida badiiy film ishlarsiz? Oddiy tomoshabinlar, yoshlar bilishi kerak bo`lgan voqealar talaygina menimcha.
— Albatta bunday rejalarim ham yo`q emas. Lekin ularni ro`yobi uchun vaqt kerak. Men endigina uchinchi filmimni chiqaryapman. Bundan oldingi “Mening akam bo`ydoq”, “Endi dadam bo`ydoq” nomli filmlarimni kino deyolmayman. Bular shunchaki komediya janridagi mini film.
Q.Sh.: Shunday ekan uni film sifatida ekranga olib chiqishdan maqsad nima edi? Shunchaki televideniega berib qo`ysangiz ham bo`lardi-ku.
— Endi tirikchilik qilish kerak-ku!
Q.Sh.: Ha, yashang, mana o`zingiz ham tirikchilik uchun kino ishlagan ekansiz-ku.
— (jahli chiqib) Hozir bu gaplardan maqsad nima? Siz avval savolingizni o`ylab keyin bering.
Q.Sh.: Yuqorida boshqa rejissyorlarning asosiy dardi tirikchilik, va arzon film ishlash bo`lib qolgan dedingiz. Hamma ham baribir shu davrni bosib o`tarkan, mana o`zingiz ham buni tan olyapsiz?
— O`shandan keyin bunday filmlarga qo`l urmadim-ku (asabiylashib). Hozir esa kuzatuvlarim, tajribam oshishi natijasida o`sha filmlarimni kino deb aytolmayman. Lekin o`z davrida tomoshabinlarga juda manzur bo`lgan, yaxshigina daromad ham keltirgan. Men rejissyorlikni endigina boshlaganimda darrov zo`r kino olaman deyolmasdim. Kishining tajribasi ortgani sayin kasbiga, ishiga nisbatan munosabati ham o`zgaradi axir. Sizning ham bundan 5-6 yil avval yozgan maqolalaringizdan bugungilari farq qiladi-ku. Men birinchi filmlarimni suratga olganimda umuman fikrlashim boshqacha edi. Bugun esa o`sha filmlar sabab dunyoqarashim butkul o`zgargan. Professional nuqtai nazardan olib qaraganda o`sha filmlarimda juda katta hatoliklarga yo`l qo`yganman.
Q.Sh.: Bugungi kun aktyorlik maktabi haqida nima deya olasiz?
— Juda kerakli mavzuni ochdingiz. Haqiqatdan ham yosh, iqtidorli aktyorlar kamayib ketyapti. Yaqinda Toshkent Davlat San`at va madaniyat institutiga borib, ma`muriyatga uchrashib “men talabalarga dars bermoqchiman, 4 yil ichida kino uchun kamida ikki nafardan yaxshi aktrisa va aktyorlar chiqarib beraman” deb aytdim. O`zbek kinosida porlagan so`nggi yulduzlar — Farruh Soipov, Ulug`bek Qodirov, Adiz Rajabovlardan keyin pichoqqa ilinadiganlardan oxirgisi men bo`lsam kerak (kulib). Bundan xursand bo`lmayman, aksincha yangi qahramonlar paydo bo`lmayotganidan afsusdaman. 30 yoshga kirdim, ikkita farzandli bo`ldim, sochim ham to`kilib, qiyofam ancha ulg`aygan. Xohlaymanmi yo`qmi endi 18 yoshli yigit rolini o`ynolmayman. Boshqa tengqurlarimda ham xuddi shunday jarayon kechyapti. Kinomizga yangi qahramonlar, yangi chehralar kerak. Yangi filmim uchun juda uzoq vaqt davomida aktyor qidirdim. Toshkent davlat San`at va madaniyat institutidan ham o`zim istagan aktyorni topolmadim. Oxiri o`sha rolni o`zim o`ynashga majbur bo`ldim. Aslida bu filmda umuman ko`rinmoqchi emasdim.
— Keling, farzandlaringiz haqida gaplashaylik.
— Xabiringiz bormi yo`qmi yaqinda qizli bo`ldim. Ismini Soliha qo`ydik. O`g`lim Firdavs esa 2 yoshda. U mening bolaligimga o`xshamaydi, ancha tetik, gap so`zi, firklashi ham ancha keng. U bilan bemalol gaplashib o`tiraman, har kuni futbol mashqlarini o`tkazamiz, futbol tomosha qilamiz. U ham menga o`xshab “Atletika Madrid” jamoasining ishqibozi. Xullas, oila davrasida zerikishga vaqt yo`q.
— Alisher Uzoqov professional futbolga o`tib, “Istiqlol” jamoasi o`yinlarida ishtirok etyapti, degan gaplarni eshitgandim. Hali ham futbol o`ynab turibsizmi?
— To`g`risini aytsam, yo`q. Kino suratga olish ishlari bilan bo`lib, uni ham yarim yo`lda tashlab qo`ydim. Balki vaqti-soati bilan yana futbolga qaytarman.
— O`ylaymanki shuncha vaqt sarflangan, sevimli mashg`ulotingizdan kechishga majbur qilgan filmingiz tomoshabinlarga ham manzur bo`lib, o`zbek kinosining saviyasini yana bir pog`onaga ko`taradi. Suhbatingiz uchun esa rahmat.
— Sizga ham rahmat!
Loyiha muallifi Qamariddin ShAYXOV





