Milliy terma jamoamiz va Rossiyaning «Krasnodar» klubi yarim himoyachisi Odil Ahmedov bilan anchadan buyon suhbatlashishni rejalashtirib yurgandik. Lekin futbolchining kun tartibi qattiq rejaga asoslangani uchun buning sira iloji topilmay, intervyu orqaga surilib ketaverdi. Oxiri hamyurtimiz bilan zamonaviy usulda ya`ni internet orqali suhbatlashishga qaror qildik...
Avvalo Odil Ahmedov haqidagi faktlar...
Odil Ahmedov — futbolist, yarim himoyachi.
- 1987 yil 25 noyabr kuni Namangan shahrida tug`ilgan.
- 2006 yilda “Paxtakor” jamoasida o`z professional karerasini boshlagan. 2 marta klub bilan O`zbekiston chempioni bo`lgan.
- 3 marta O`zbekistonning eng yaxshi futbolchisi nomiga musharraf bo`lgan.
- 2011 yildan Maxachqal`aning “Anji” jamoasida to`p surgan va o`sha yil yakunlariga ko`ra “Anji”ning eng yaxshi futbolchisi bo`lgan.
- 2014 yildan Rossiyaning “Krasnodar” klubida to`p suradi.
- Oilali, 2 nafar farzandi bor.
— Avvalo sizni uchinchi marta “Yilning eng yaxshi futbolchisi” nominasiyasida g`olib bo`lganingiz bilan tabriklaymiz.
— Rahmat.
— Xursandchiligingizni birinchi bo`lib kim bilan bo`lishdingiz?
— To`g`risi, o`sha paytda O`zbekistonda bo`lmaganim uchun bu xabarni internet orqali eshitdim. Menimcha eng oxirgi bo`lib o`zim xabar topdim shekilli, shuning uchun xursandchiligimni menga tabrik yo`llaganlar bilan bo`lishdim.
— “Anji”da ko`plab dunyo futboli yulduzlari to`p surardi, “Krasnodar”da undaylar kam, bu jamoada o`zingizni qanday his qilyapsiz?
— To`g`ri, “Krasnodar”da dunyo yulduzlari kam lekin jamoaviy o`yin yaxshi yo`lga qo`yilgan. “Krasnodar”da ishlarim yaxshi, barcha sharoitlar qoniqtiradi. Ayniqsa oilamga ma`qul. Iqlimi yurtimiznikikga o`xshab ketgani uchunmi xuddi uyda yurgandek his qilaman o`zimni.
— Angliyaning “Arsenal” iga o`tishingiz haqidagi gaplar rosa bolalagandi, lekin afsuski muxlislaringizning umidi puchga chiqdi. Yangi jamoangiz Evropa Ligasida to`p suradi, balki skautlarning e`tiboriga tushib, Evropaning etkachi jamoalaridan takdif tushsa, o`tasizmi?
— Avvalo futbolda hamma narsa biz o`ylagandek oson bitib ketavermaydi. Qolaversa o`sha paytda “Anji” jamoasiga ko`proq kerak bo`lganim uchun ham keta olmaganman.«Krasnodar»ga o`tganimga esa hali ko`p vaqt bo`lgani yo`q. Bu erda ham jamoa bilan yutuqlarga erishishni, klub muxlislarining ishonchini oqlashni istayman. Agar Evropaning mashhur klublaridan takliflar bo`lsa, albatta xursand bo`lardim.
— Ko`pchilik sizni terma jamoadan ko`ra klubda yaxshi o`ynaydi deydi, shunga munosabatingiz qanaqa?
— Bilmadim... Terma jamaoda ham, klubda ham doim yaxshi o`yin namoyish etishga harakat qilaman.
— Milliy futbolimiz keyingi jahon chempionatiga chiqishiga ko`zingiz etadimi?
— Jahon chempionatiga chiqish uchun qo`limizdan kelgan barcha ishni qilamiz! Nasib qilsa chiqamiz ham. Muxlislardan qarzdormiz. O`ylaymanki, terma jamoamizni ta`qib etib kelgan omadsizliklar ortda qoldi.
— O`zingizni ampulangizdagi qaysi futbol yulduziga havas qilgansiz?
— “Real Madrid”ning afsonaviy o`yinchisi Zeyniddin Zidanga havas qilganman.
— Butun dunyo e`tiboridagi Messi va Ronaldu bahsida bu yil omad kimga kulib boqadi deb o`ylaysiz?
— Bu yil Messi Ronalduga qaraganda ancha yaxshi o`yin ko`rsatyapti. Shu tarzda davom etsa, menimcha u yana bir bor “Oltin to`p”ni qo`lga kiritadi.
— Futbolchilarning karerasi qisqa. Futboldan ketganingizdan keyin sizni qaysi ampluada ko`ramiz?
— Hali uzoq yillar futbol o`ynash rejam bor, shuning uchun futboldan ketgandan keyingi hayotim haqida hozircha o`ylab ko`rganim yo`q.
— Psixologlarning fikricha, nafaqat futbolchilar balki futbol sohasiga qiziqqanlar ham barcha sohalarda muvaffaqiyat qozonishga harakat qilarkan... Omadingiz chopmagan paytlarda ko`nglingizdan nimalar kechadi?
— Omadsizlikni tezda unutib, yana oldinga qadam bosaman va yana yutuqlarga erishishga harakat qilaman.
— Endi oilaviy savollarga o`tsak, akangiz kino olamiga aloqador, ularning filmdagi rollari sizga ma`qulmi?
֫— Menga-ku, ma`qul. Lekin avvalo kino muxlislariga ma`qul bo`lishi kerak...
— Sizga ham filmlarda rol ijro etishni taklif qilishganmi?
— Qilishgan. Lekin men rozi bo`lmaganman. Chunki rol o`ynash qo`limdan kelmaydi, har bir ishni o`z professionali bajargani yaxshi. Chumchuq so`ysa ham, qassob so`ysin deb bekorga aytishmaydi.
— Farzandlaringizda ham futbolga qiziqish bormi?
— Farzandlarim ko`proq san`atga qiziqishadi, amakisiga o`xshagisi keladi. Qaysi sohaga qiziqishiga qarab, barcha sharoitlarni yaratib beraman. Chunki o`z vaqtida ota-onam ham menga shunday imkoniyatlarni muhayyo qilishgan.
— Ukangiz Azim Ahmedov ham milliy terma jamoada to`p suryapti, uni qo`llab-quvvatlab turasizmi?
—Uzoqda bo`lsam-da, qo`ng`iroq qilib, kerakli maslahatlarni berib turaman. Zarur paytda tanqid ham qilaman. Tanqidimni to`g`ri qabul qiladi. O`ziga yarasha yutuqlarga ham erishyapti. «Navbahor»ning asosiy tarkibida. Shunday bo`lsa-da, hali kamchiliklari ko`p. O`z ustida muntazam ishlasa, kelajakda undan yaxshi futbolchi chiqadi deb o`ylayman.— Mashg`ulotlardan bo`sh vaqtingizda tez-tez teatr, konsertlarga borib madaniy hordiq chiqarishingizni bilamiz. Oxirgi marta qaysi konsert yoki teatrga kirdingiz? Va, ko`rgan teatringizdan olgan taassurotlaringiz?
— Oxirgi marta oilam bilan Muqimiy teatrida namoyish etilgan “Antiqa sovchilar” spektaklini tomosha qildik. Jonli ijroni tomosha qilish baribir zavqli. Komediya janridagi bu spektaklni tomosha qilib, hordiq chiqardik.
— Suhbatga vaqt ajratganingiz uchun rahmat, sizdan yangidan-yangi yutuqlar kutib qolamiz.
— Rahmat. Muxlislar ishonchini oqlashga harakat qilamiz.
Dilfuza Sobirova suhbatlashdi





