AsosiyShou-biznes

G`ani A`zamov sahna uchun tug`ilgan edi

Hayot aslida katta bir sahna. Uning bag`rida har birimizning o`z “obrazimiz” bor. Qarangki, umrimiz davomida tomoshabinlar – yonimizdagilar bizni xatti-harakatlarimiz asosida “yaxshi odam”, “fe`li chatoq”, “bag`rikeng inson”, “odamgarchiligi yo`q” degan turfa xil e`tirofu – e`tirozlar bilan siylab borarkan... Bir qarashda bu so`zlarning bugungi qahramonimizga hech qanday daxli yo`qdek... Axir biz G`ani A`zamovning sahna va ekrandagi obrazlari orqali ko`proq tanimiz, bilamiz, degan fikrlar ham bo`lishi tabiiy. Men esa so`zni sahnadan emas hayotdan boshlagim keldi...

Farzandlari san`at yo`lini tanlashmadi

G`ani A`zamov haqida ma`lumot izlab internet sahifalarini titkiladim. U haqida juda ko`p iliq fikrlarni uchratdim.  Yaxshi aktyor, buyuk iste`dod egasi, o`zbek san`atining otasi, bundan tashqari “Mahallada ko`p odamlarga yordami tekkan”... Odamlar kasbidan obro`-e`tibor, yaxshi fe`lidan esa hurmat va yaxshi nom orttiradi degan hikmat shu erda yana bir karra o`z isbotini topgandek...

Aktyorlik bu insonning qismatiga aylanishi ehtimol o`zining xayoliga ham kelmagandir.  Biroq har doim  G`ani A`zamov sahnaga cheksiz ehtirom bilan munosabatda bo`lgan. Bu insonni bilgan, tanigan yoki eshitganlar faqat va faqat yaxshilik bilan tilga olishadi. Aslida insoniylikning chin saodati ham shu bo`lsa kerak.

G`ani A`zamov 1909 yilning 7 yanvarida Toshkentda tug`ilgan. 1930 yila Hamza hozirgi O`zbek Milliy akademik drama teatriga ishga kelgan. 1961 yilda unga   O`zbekiston xalk artisti unvoni berilgan. Aktyor 60 yillik ijodiy faoliyati mobaynida ustozlardan o`rganish, muttasil o`z ustida tinmay ishlash va ijodiy izlanish natijasida yuzdan ortiq mukammal obrazlar yaratib, tomoshabinlarning mehriga sazovor bo`lgan. G`ani A`zamovning ikki o`g`il, ikki qizi bor. Farzandlari Ra`no, So`nmas, Feruz hamda Durdona A`zamovalar hozir nafaqada. 10 dan ziyod nevaralari, 40 dan ortik evara – chevaralari bor. Eng qizig`i buyuk aktyorning farzandlari ham , nevara – evaralari ham san`at yo`lini tanlamagan.

“Oltin devor” teatr san`atining oltini

Uyg`un va Izzat Sultonning «Alisher Navoiy» dramasidagi Munajjim, Tuyg`unning «Chin muhabbat»idagi Arslonsher, Ramz Bobojonning «Tog`a-jiyan»laridagi Soqi sumbat, Abdulla Qahhorning «So`nggi nusxalar»idagi Yusuf, Gogolning «Revizor»idagi Bobchinskiy, Vilyam Shekspirning «Veronalik ikki yigit»idagi Launs kabi obrazlar aktyorning “mahorat maktabi” sifatida alohida e`tirof etiladi. “Oltin devor” spektakli esa chin ma`noda o`zbek teatr san`atining durdonalaridan biri bo`lib qoldi.  

Avval tramvay haydovchisi keyin buyuk aktyor

G`ani A`zamov 1935 yildan boshlab kinoda ham suratga tushadi. Aktyor «O`zbekfilm» kinostudiyasida dunyoga kelgan qator kinofilmlarda esda qolarli obrazlar yaratdi.

«Boy ila xizmatchidagi Domla imom, «Qutlug` qon»dagi Kuyov, «Abu Ali ibn Sino»dagi Kutubxonachi, «Maftuningman»dagi Sartarosh, «Ikki dil dostoni»dagi Qorashoh, «Toshkent - non shahrida»gi Oqsoqol, «Qari ustaning vasiyati»dagi Yusuf, «Senga shahrimni tuhfa etaman»dagi Dorboz, «Suyunchi»dagi Xolmat kabi qator kinokaxramonlar tomoshabinlarning yodida olgan. Buyuk san`atkor ijrosidagi xar bir obraz o`zining to`laqonliligi va yorqinligi bilan kino san`atining oltin xazinasidan munosib joy olgan. Aktyor «Nashtar» hajviy kinojurnali tashkil etilgandan so`ng, uzoq yillar davomida Xo`ja Nasriddin obrazini ijro etdi.

Eng qizig`i, G`ani A`zamov aktyor bo`lishidan oldin tramvay haydovchisi bo`lib ishlagan. U san`atga daxldor  hech qanaday bilim yurtida o`qimagan. Dastlab ommaviy sahnalarda kichik rollarni ijro etib san`atning sirlarini o`rgangan. Fursat o`tib G`ani A`zamov aktyor sifatida o`zini namoyon etadigan yuzlab rollarning muallifiga aylandi.

35 yil mahalla raisi

Feruz A`zamov, o`g`li:  

— Otam juda bag`rikeng, haddan ziyod mehribon inson edi. Ular bizni hech qachon qattiq urishganini eslay olmayman. Birgina qarashlari bilan xatolarimizni to`g`irlashga o`rgangan edik. Oilada otamdan bo`lak san`atkor yo`q. Biz ularning izidan boramiz deganimizda, otam “Agar haqiqatdan ham iste`doding bo`lsa, marhamat, agar shunchaki havas, shon-shuhrat uchun bu yulni tanlamokchi bo`lsang adashasan”, deganlari yodimda. Esimda mahallaga 60-yillarda ko`chib kelganmiz. U paytlar endi-endi yangi hovlilar qurilayotgan edi.

Otam 35 yil mobaynida mahalla raisi bo`lib ishladi. Faoliyati davomida mahallaga gaz, elektr toki, suv quvurlarini olib keldi... U paytlar bu ishlarni bajarish ancha murakkab edi. Hech bir oilaning  hol- ahvolidan bexabar qolmas edi. O`ylab qarasam,  bolalarimiz - nevaralari ortidan bizdan ko`ra ko`prok yurgan, qaygurgan ham otam ekan...

Juda oilaparvar, bolasevar edi. Bu gaplarni u kishi otam bo`lgani uchun emas rostdan xam shunday inson bulgani uchun aytayapman. Men hamisha san`atda ularni Olim Xo`jaev, Sora Eshonto`raeva, Shukur Burxonov kabi buyuk san`atkorlar qatorida ko`raman. Oilaviy spektakl tomoshalariga borganimda otamni umuman boshqa bir ruhiyatda ko`rardim, uyda, mahallada esa yana bir boshqa qiyofada... Lekin yurak bitta edi. Hamisha yonib turardi...

“Oltin devor” ming  marta sahnalashtirilgan

Erkin Komilov, O`zbekiston xalq artisti:

— G`ani A`zamov oddiy aktyor emas. Bu inson buyuk san`atkorlar katorida alohida e`zozga ega. “Oltin devor” spektaklini birga ming marta o`ynash baxtiga muyassar bo`lganman. Yonma-yon ishlaganlar, suhbatida bulganlar bu odamning san`atga o`zgacha mehri bilan cheksiz hurmatini yaxshi biladi. Ming marta ijro etilgan Mo`min obrazida bir marta yolg`on sezmaganmiz. G`ani akaning sahnada nafaqat o`z obrazini balki yonidagi qahramonlarni qam nazorat qilish qobiliyati bor edi.  Odamoxun, yaxshilikni yaxshi ko`radigan insonlar dunyoni asraydi. G`ani aka shundaylar toifasidan edi. Bu odam nafaqat san`atga balki yashaydigan mahallasi, vataniga sidqidildan xizmat qilgan. Uning mahallasi tomonga o`tsangiz G`ani A`amovning nafasini sezasiz, u erda yashaydiganlar bu odamni avvalo bag`rikeng odam, e`tiborli mahalla raisi, jonkuyar elkadosh deb xotirlaydi...

“Avval xislatlar, keyin kamchiliklar...”

Botir Muxammadjonov, aktyor:

— G`ani aka yoshlarni yaxshi ko`rardi. Ularni qo`llab-quvvatlar, kamchiliklarni omma oldida emas o`ziga qattiq tegmaydigan qilib tushuntirardi. Biz hamisha ular bilan ishlashni orzu qilardik.  Sahnada to`g`ridan-to`g`ri tomoshabinga sezdirmay, partnyorga xalakit bermasdan obrazni yo`naltirardi. Yana bir jihati: birovning kamchiligini aytishdan oldin uning yaxshi xislatlarini sanab o`tar edi... G`ani aka 92 yoshida hayotdan ko`z yumdi. Lekin vafotidan ikki-uch hafta oldin ham sahnada edi...  Bunday tabarruk ustozlarning qoldirgan ijod yo`li bizlar uchun hamisha maktab. O`zbek teatrining bugungi mavqei, aktyorlik maktabining o`ziga xos jihatlarini shakllanishida G`ani A`zamov kabi fidoiy ustozlarning mehnati hamisha qadrli!

“Bir aktyor shakllanishi uchun salkam 40 yil kerak”

Tohir Saidov O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist

— Biz ustoz bilan ijodiy safarlarga ko`p chiqardik va bundan faxrlanardik. Turg`un Xonto`raev bilan G`ani akaning yoshi o`rtasida adashmasam 10 yoshcha edi... Biz yoshlar bu ikki ustozimiz bilan ko`p hazil qilardik. Safarlarda Turgun akaga ham, G`ani akaga xam bir xil sovg`a berishardi. Choponlar, pichok, do`ppi va shunga o`xshash esdalik sovg`alari. Biz G`ani akaga “ikkisi ham bir xil ekanu, lekin Turg`un akaning sovg`asini materiali siznikidan picha qimmatrok shekilli”, desak darhol hazillashib sovg`alarni almashtirib olardilar. Shunda Turg`un aka “bunisini ham oling”, deya xafa bo`lardi. Ba`zida “Avval G`ani kiyib, ko`rib olsin, kolganini men olarman“, deb javob berardi. Bir kuni teatrda Abduraim Abduvahobovni kichik xatosi uchun ishdan bo`shatish uchun majlis qilindi. G`ani aka dastlab gap nimadaligini bilmay qovushmay o`tirdi, majlis oxirida bo`layotgan gap-so`zlarning mohiyatini tushunib qolgan. Shunda “hamma Abdurayimni ayblaydi, ish bor joyda xato bo`ladi. Hozir shu yigitga qarshi gapirayotganlarning o`zi ish jarayonida benuqsonmi? Bitta aktyor tug`ilishi, shakllanishi uchun qirq yil kerak”, deb hammaning xatolarini birma-bir sanab bergan. Dangal, jonkuyar va mehribon inson edi. Oxiratlari obod bo`lsin!

Xulosa o`rnida

Yashash uchun berilgan imkoniyat fursatlar bilan emas balki qilingan ezgu ishlar bilan o`lchanishi bor gap. Lekin bu fikr eski bo`lsa-da siyqasi chiqmagan, har bir inson o`z hayotida uni yangilashi, jilo berishi mumkin. Faqat... o`tayotgan vaqtni ilg`ash va unga to`g`ri munosabatda bo`lishga ulgurish kerak... Garchi hozir oramizda bo`lmasa-da,  G`ani A`zamovning hayotida, undagi lahzalarda yaxshilik yonib turganini his etish qiyin emas...

Sevdo Niyozova tayyorladi

 

 

 


 

 

 

 

    Boshqa yangiliklar