AsosiyShou-biznes

Ignatiy Nesterov: Faoliyatimni tugatmaguncha, o`rnimni hech kimga bermayman

“Lokomotiv” va O`zbekiston terma jamoasining darvozaboni Ignatiy Nesterov tizza jarohatidan keyin hamon tiklanish jarayoinin boshdan kechirmoqda. Germaniyaga ketishidan biroz oldin 31 yoshli golkiper Sports.uz internet nashriga  intervyu berdi.

Tiklanish jarayoni muvaffaqiyatli o`tib, uning tezroq safga qaytishi kutilmoqda. 

– Ignatiy, sizni sog`-salomat ko`rib turganimdan xursandman! Jarohatingiz haqida nima deya olasiz?

– Birinchi navbatda, ishontirib aytamanki, bu mushaklarning xochsimon boylami emas. Men buni o`z ahvolimdan kelib chiqib tez orada aniqlab oldim. Yaqinda Germaniyaga uchib ketishim kerak va u erda tiklanish muddatlariga uzil-kesil aniqlik kiritiladi. Taxminimcha, safga may-iyun oylarida qaytsam kerak. Hozirda o`zimni yaxshi his qilyapman.

– Mavsum tugashi bilan Avstraliyaga Osiyo Kubogiga yo`l olishingizga to`g`ri keldi. Bu narsa sog`lig`ingizga ta`sir qilmadimikan?

– Bo`lishi mumkin. Bu narsani istisno qilmayman. Bilasizmi, men maydonda yarim kuch sarflab harakat qila olmayman. Men o`zimni yosh his qilaman. Murabbiylar shtabi va futbol ishqibozlarining dilini xira qilmaslik uchun ma`lum darajadan past saviyada o`ynashim mumkin emas. Hamisha tayyor bo`lish, maydonda bor kuchingni sarflashing va har erda jamoangni qo`llab-quvvatlashing kerak.

– Raqobatdan qo`rqmaysizmi?

– Men raqobatdan faqat xursand bo`laman! Lekin aytib qo`yay, futbol faoliyatimni tugatmagunimcha, hech kim mening o`rnimni egallay olmaydi.

– Avvalgi qit`a birinchiligida ajoyib ishtirok etdingiz. Buni ko`pchilik qayd etgan. Misol uchun, Sports.ru dagi taniqli «O`zbek taomlari» («Uzbekskaya kuxnya») blogining asoschisi Evdokim Raimov sizni Lev Yashinga qiyoslabdi. Bu kabi o`xshatishlar sizga xush yoqadimi?

– Bilmasam, aytish qiyin. O`zimni boshqalarga qiyoslash qo`limdan kelmaydi. Bu ish jurnalistlar va ishqibozlarning ixtiyoriga havola.

– JCh-2018 saralash o`yinlarida Milliy terma jamoamiz sharafini himoya qilasizmi?

– Bu masalani men emas, murabbiylar shtabi hal qiladi. Men, o`z navbatida ularning ishonchini oqlashga harakat qilaman. Asosiysi – professional jihatdan yaroqliligingni isbotlash, uyog`i keyinchalik ma`lum bo`ladi.

– Yaqin oradagi rejalaringiz “Lokomotiv” bilan bog`liqqa o`xshaydi. Shunday emasmi?

– Ha, rejalarim “Lokomotiv” bilan bog`liq. Men bir jamoadan boshqa jamoaga ko`chib yurish tarafdori emasman, ammo arziydigan, munosib takliflar bo`lsa, ko`rib chiqishim mumkin.

– Jamoa oldiga qanday vazifalar qo`yilgan?

– Vazifalar juda katta. Asosiysi – Chempionlar ligasida omadli qatnashish. Shundan so`ng keyingi musobaqalar haqida o`ylashimiz mumkin bo`ladi.

– Jamoa o`yinchilari guruhdagi raqiblaridan qo`rqishmaydimi?

– Ular bizdan qo`rqsin! Biz hamma raqiblarga hurmat bilan qaraymiz, ammo hech kimdan qo`rqmaymiz. Qaytarib aytaman, “Lokomotiv” o`z oldiga faqat maksimal vazifalarni qo`yadi.

– Suhbatingiz uchun rahmat! Yangi mavsumda sog`liq va yutuqlar tilaymiz.

– Rahmat.

 

    Boshqa yangiliklar