AsosiySport

Gandbol. Jamoamizning Osiyo chempionatidagi ilk g`alabasi

Gandbol bo`yicha O`zbekiston ayollar terma jamoasi Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida davom etayotgan Osiyo chempionatida nihoyat ilk g`alabani tantana qildi. Guruhdagi ketma-ket ikki mag`lubiyatdan so`ng Gonkong terma jamoasi taslim etildi.

POPKI Sport Hall arenasida bo`lib o`tgan kechagi o`yinda terma jamoamiz qizlari 35:16 hisobida zafar quchishdi. Jamoamiz tarkibida Gulmira Najmiddinova eng ko`p 6 ta golga mualliflik qildi. Guruhning ikkinchi o`yinida Qozog`iston terma jamoasi Indoneziyadan 68:5 hisobida ustun keldi. Ta`kidlash joiz, terma jamoamiz Osiyo chempionatining guruh bosqichida avvaliga Xitoy terma jamoasiga 25:42, keyin esa qozog`istonlik dugonalariga 23:40 hisobida imkoniyatni boy berib qo`yishgandi. Endi terma jamoamiz 19 mart kuni Indoneziya bilan hisob-kitob qiladi.

Eslatib o`tamiz, Osiyo qit`asi uchun jahon chempionatiga 3,5ta o`rin ajratilgan bo`lib, sovrinli uchlikdan joy olgan terma jamoalar to`g`ridan-to`g`ri JCh-2015 yo`llanmasiga ega bo`lishadi. Bronza medali uchun bahsda mag`lub bo`lgan terma jamoa esa pley-offda boshqa qit`a jamoasi bilan yo`llanma taqdirini hal qiladi.

Manba: olamsport.com

    Boshqa yangiliklar