AsosiySport

To`rt nafar tennischimiz turnirni g`alaba bilan boshladi

Poytaxtimizda tennis bo`yicha o`smirlar o`rtasidagi xalqaro turnirning asosiy to`r bahslari boshlandi.

Tashkent ITF Juniors turnirida mamlakatimizning iste`dodli tennischilaridan tashqari Rossiya, Hindiston, Belgiya, Turkiya, Ukraina, Qozog`iston, Buyuk Britaniya, Polsha, AQSh, Belarus kabi davlatlardan ham yosh raketka ustalari g`oliblik uchun kortga chiqishyapti. 18 yoshgacha bo`lgan tennischilar ishtirokida o`tayotgan musobaqaning birinchi raketkasi sifatida hamyurtimiz Jo`rabek Karimov qayd etilgan bo`lib, kecha u ilk davrada rossiyalik Nikita Valensevni 6:1, 6:2 hisobida taslim etdi. Humoyun Sultonov turnirning beshinchi raketkasi rossiyalik Lev Kazakovdan 6:3, 6:0 hisobida ustun keldi.

Shuningdek, yana ikki tennischimiz o`z uchrashuvlarini g`alaba bilan yakunlashdi. Sharobiddin Abzalov amerikalik Damina Ayeni 7:6(5), 7:5, Saida`lo Saidkarimov esa rossiyalik Nikolay Kolabaevni 3:6, 6:0, 6:2 hisobida engdi.

Qoraqalpog`istonlik Sunatilla Quttiboev musobaqaning uchinchi raketkasi britaniyalik Aleksis Kanterga ikki setda ham bir xil 4:6 hisobida imkoniyatni boy berdi. Azizxon Turg`unov esa belaruslik Mikalay Xalyakka 2:6, 6:2, 1:6 hisobida yutqazib qo`ydi.

Manba: olamsport.com

 

    Boshqa yangiliklar