Inson zoti umr bo`yi mehnat qilib, orzu-havaslari ortidan yuguradi. Oila, farzand, ro`zg`or tashvishlari... Yillar o`tib qo`li oshga etay, deganda ESA... Shu yilning 2 mart kuni o`zbek san`ati katta yo`qotishga uchradi.
O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi, "O`zbekiston" teleradiokanali suxandoni Rahmatilla Mirzaev 2 mart kuni tong saharda uyidagi qotillik sabab 61 yoshida olamdan ko`z yumdi. Suxandon poytaxtdagi "Minor" qabristoniga dafn etildi. Bu yo`qotish nafaqat marhumning yaqinlari va oila a`zolari, balki minglab muxlislari, teletomoshabinlarning, shu qatorda bizning ham ko`nglimizni larzaga soldi...
Aktyorlikdan diktorlikkacha...
Suxandonlikning o`ziga yarasha mas`uliyati, yuki va qiyinchiliklari bor edi. Teleekran shu choqqacha qanchadan-qancha suxandonlarni ko`rmadi deysiz?! Davron Zunnunov, O`ktam Jobirov, Nasiba Ibrohimova, Nasiba Qambarova, Mirzohid Rahimov kabi fidoyi, o`z ishining etuk mutaxassislari aynan shu maskandan kamol topib, el nazariga tushishgan.
Ana shunday suxandonlardan biri O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi Rahmatilla Mirzaev 1954 yilning 22 sentyabrida Toshkent shahrida tavallud topgan. U oilada uch farzandning o`rtanchasi, yagona o`g`il farzand edi. San`atga, aktyorlikka bo`lgan qiziqish uni 1972 yil hozirgi O`zbekiston davlat san`at va madaniyat institutiga etakladi. 1976 yilda institutning Dramatik teatr va kino aktyorligi yo`nalishini tamomlagan. Rahmatilla aka talabalik kezlarida TVda diktorlik bo`yicha o`tkazilgan tanlovlarda qatnashib, suxandonlikka bel bog`lagan, o`sha paytlarda Sankt-Peterburgda bo`lib o`tgan “Badiiy so`z ustalari” tanlovida ham muvaffaqiyatli ishtirok etgan edi.
Biz ushbu sahifamizda marhumning hamkasblari, yaqinlarining u haqidagi o`chmas xotiralarini chop etayapmiz.
O`tkir nigoh, jarangdor ovoz sohibi edi
Rahmatilla Mirzaev 1979 yilda Raisa opa bilan turmush qurishadi. 1980 yilda katta farzandi Zarifa, 1992 yilda o`g`li Umid dunyoga keladi. Taqdir Rahmatilla Mirzaevni juda ko`p sinovlardan o`tkazdi. Oilasidan ajrashgan R.Mirzaev 2006 yilda xonanda A`lo Rahimova bilan turmush qurib, qiz farzand ko`radi. Unga Shodiya deb ism qo`yishdi.
Rahmatilla Mirzaev o`zbek televideniesi tarixida, suxandonlik maktabida o`chmas, takrorlanmas iz qoldirdi. 1980-90 yillarda u olib borgan dasturlar kundan-kunga ommalashdi. “Assalom, O`zbekiston”, “Dildagi gaplar”, “Axborot” yoxud bayram arafasidagi ko`rsatuvlarning hech birini Rahmatilla Mirzaevning chiqishlarisiz tasavvur qilib bo`lmasdi. Darvoqe, Rahmatilla Mirzaevning kasb mahorati haqida so`z ketganda uni televideniedagi ham rus, ham o`zbek tilida mukammal gapira oladigan sanoqli suxandonlar qatorida turishini nazardan chetda qoldirmaslik lozim. U o`zidan juda katta maktab, qator shogirdlar qoldirdi.
"Hech qachon hayotdan nolimagan"
Nasiba Maqsudova, suhandon: — Bu juda og`ir musibat. Rahmatilla bunday o`lim topishga loyiq emasdi. U atrofidagilarni yaxshi ko`radigan inson, qadrdon hamkasb, mehribon ota edi. Hech qachon oilasi, farzandlari yoki hayot tashvishlaridan noliganini eshitmaganman. Bir-birimizga shunchalar ishonib, bitta oiladek bo`lib qolgandik.
Bu sovuq xabarni eshitganimda yuragimdan nimadir uzilgandek bo`ldi. Rahmatilla o`zbek tomoshabinining qalbida uzoq yillar chiroyli tabassumi bilan saqlanib qolishiga ishonchim komil.
"To`yda qora kostyum kiymagin!"
Muslimbek Yo`ldoshev, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi:
— Rahmatilla Mirzaev bilan tanishganimda hali institutni bitirmagan edim. Televideniega kelganimda Rahmatilla aka bilan tanishib, juda tez chiqishib ketdik. Shu qadar yaqin bo`lib, aka-uka tutungandik. To`yim bo`lishidan bir necha kun avval uyga kelib, “ZAGS" kuni qora kostyum-shim kiymagin, atigi bir marta kiyilgan qaymoq rang kostyum-shimim bor, shuni beraman, qorasini to`yda kiyasan”, — degandi. O`z ukasidek ko`rganidan, hatto menga kiyimlarini berishga og`rinmagandi.
Mening to`yim bilan yaqin do`stining to`yi bir kunda bo`lib qolgan. Shu kuni Rahmatilla akaning bir oyog`i menikida, ikkinchisi do`stinikida bo`lgandi. “Muslim yosh bola-ku...” demagan. Bir so`z bilan aytganda, Rahmatilla Mirzaev kirishimli, quvnoq inson edi...
"Har qachongidan quvnoq edi"
G`ulomjon Yoqubov, O`zbekiston va Qoraqalpog`iston xalq artisti:
— Rahmatilla Mirzaev bilan bir necha yillik qalin do`st edik. Vafotidan bir kun avval, ya`ni 1 mart kuni konsertimga kelib, mehmon bo`ldi. Kichkina qizchasini ham olib kelgan ekan, konsert so`nggida hammamiz birga suratga tushdik.
O`sha kuni Rahmatilla har qachongidan ham quvnoq edi. Ming afsus bugun yoningda turgan, hazillashib, yuzinga tabassum ulashayotgan kishilar, ertaga bu dunyoni tark etishini o`ylamas ekanmiz.
"Mard inson edi!"
Galina Melnikova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi:
— Bu hammamiz uchun og`ir judolik bo`ldi. U har doim yordamga shay turadigan, oqibatli do`st edi. Hech esimdan chiqmaydi. Bir yili onam og`ir xastalanib qoldi. Rahmatilla xuddi o`z ukamdek xizmatda bo`lib turdi. “Galina Vitalevna, istagan paytingizda qo`ng`iroq qiling, mashinamda darrov etib boraman”, degandi. Va o`z so`zida turdi.
Rahmatilla birovning dardi, tashvishini o`zinikidek qabul qilardi. Gohida boshqalar uchun ham mas`uliyatni bo`yniga olib, ko`ksini qalqon qila olardi. Mard inson edi!
"Bu so`z qanday o`qiladi?"
Shuhrat Qayumov, o`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist:
— Ustozim Rahmatilla aka bilan 1988 yilda televidenieda tanishganmiz. O`shandan buyon qadirdon, aka-ukadek bo`lib qolgandik. U kishi o`z ishining haqiqiy ustasi, fidoyisi edi. Har bir so`zga shu qadar mas`uliyat bilan yondashar ediki, yaqin-yaqingacha ko`p bora ulardan maslahat olib turardim. Kunduzimi, yarim kechasimi, qo`ng`iroq qilib, “Rahmatilla aka, mana bu so`z qanday o`qilishi kerak”, – desam erinmay, men bilan baravar gapni takrorlab, qaerga urg`u qo`yishni o`rgatardi. Ming afsus, Rahmatilla akaning juda katta bilimi, bir necha yillik tajribasi, suxandonlik maktabidan etarlicha foydalana olmay qoldik.
"Devor-darmiyon qo`shni edik"
Botir Muhammadxo`jaev, so`z ustasi: — Marhum odamning ortidan bo`hton gaplarni to`qib chiqarish, turli mish-mishlarni o`ylab topish na insoniylikka va na o`zbekchilikka to`g`ri keladi. Rahmatilla aka bilan devor-darmiyon qo`shni edik. Har kuni bir-birimizning holimizdan xabar olib, juda bo`lmaganda devor ortidan bo`lsa ham gaplashib qo`yardik.
Jinoyat yuzasidagi ish bilan huquq-tartibot idoralari vakillari shug`ullanayapti. Hammasiga aniqlik kiritiladi, aybdor, albatta, qonun oldida javob beradi. Rahmatilla Mirzaevning vafoti bilan bog`liq mish-mishlarning kundan-kunga palak yoyishi, uning oila a`zolarini ham befarq qoldirmayapti, albatta. Bu vaziyatda ularning hali bitmagan yarasini tirnab, diktofon tutish oson bo`lgani yo`q.
"Akam fojiali o`lim topdi"
Malika Xolmatova, opasi: — Bir necha yil avval avtobusda onam bilan buvimlarnikiga ketayotganimizda orqa o`rindiqda o`tirgan ikki ayolning suhbati qulog`imizga chalindi. “Eshitdingmi, diktor Rahmatilla Mirzaevni o`ldirib ketishibdi”, — dedi biri ikkinchisiga. Aslida akamning oshqozoni bezovta qilib, shifoxonada davolanayotgandi. O`shanda bu sovuq xabarni eshitgach, onam bilan shifoxonaga uchib borganmiz. (O`ylanib) Akam opam va mening suyangan tog`imiz edi. Chidaymizda, taqdir ekan! Odamlar bilib-bilmay, xuddi o`zi guvohi bo`lgandek turli bo`htonlarni o`ylab topaverishar ekan. Akam fojiali o`lim topdi. Ayni shu vaziyatda yonimizda bo`lib, ko`cha-ko`ydagi, internetdagi tuhmat gaplarga ishonmay bizni qo`llab-quvvatlayotganlarga o`z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
"Sen-men"ga borganini eshitmaganman"
Nasiba Qambarova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist: — Bir so`z bilan aytganda Rahmatilla juda yaxshi inson edi. Hech qachon birov bilan “sen-men”ga borganini, dilozorlik qilib, odamlarga yomon gapirganini eshitmaganman. Yonimda ham, ortimdan ham ismimni aytmay, onajon, deb chaqirardi. Men yaqin kishisini yo`qotish nima ekanini juda yaxshi bilaman. Shuning uchun ularning oila a`zolariga sabr toqat tilayman.
"Sanamay sakkiz demangiz!.."
O`tgan hafta “O`zbekiston” teleradiokanali diktori Rahmatilla Mirzaevning fojiali vafoti bilan bog`liq xabarlar yashin tezligida tarqaldi. Ko`plab internet nashrlari ayni shu mavzuda bong urdi. Rahmatilla Mirzaevga uyushtirilgan suiqasd, uning uyidagi qotillik suxandonga janoza o`qilmay turiboq internetdagi ijtimoiy tarmoqlar “whatsapp”, “telegram”da kunning asosiy mavzusiga aylandi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan turli xil gaplarni esa marhumga begona bo`lganlar emas, balki ayni san`at sohasida faoliyat yuritgan kishilar tarqatgani achinarli hol. Internet olamini kuzatar ekansan, “turli gap-so`zlar va fotosuratlarni ommaga tarqatayotgan odamlar insof-diyonatni, umuminsoniy qadriyatlarni yoddan chiqarishdimi?” degan savol qiynaydi. Nahot bir-birimizga shu qadar begonalashib ketayapmiz. Birovning fojiasida dardiga sherik bo`lish o`rniga, shu fojia tafsilotini oshirib-toshirib etkazishga oshiqamiz. Shunday ekan, bilib-bilmay, bo`hton gaplarni tarqatishdan kimga ne naf?
Jinoyat jazosiz qolmaydi
O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining internet nashrlarida bergan ma`lumotlariga qaraganda, qotillik o`sha kunning o`zidayoq fosh etilgan. Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Chuvalachi qishlog`ida yashovchi 21 yoshli Q.Shoazizov jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, daliliy ashyolar bilan qamoqqa olingan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
P/S. Elu ulusga foydasi tekkan, doim xalq xizmatida bo`lgan, fidoyi insonlar xotirasini e`zozlab, ular sharafiga haykal o`rnatamiz. Haykalni ko`rganlar shu insonlarning qilgan ezgu amallarini yodga oladi, hurmat, ehtirom ko`rsatadi. Rahmatilla Mirzaev esa har bir o`zbek tomoshabini qalbiga o`z haykalini, siymosini o`rnatib ketdi. Bu haykalni o`chirib ham, sindirib ham bo`lmaydi. Rahmatilla Mirzaev o`zbek xalqining sevimli suxandoni bo`libgina qolmay, 3 farzandning otasi, 2 nabiraning bobosi edi. Bu mavzuga yana qaytamiz va jinoyat tafsilotlarini yoritishga harakat qilamiz. Uning oila a`zolari va yaqinlariga esa hamdardlik bildiramiz.
Qamariddin Shayxov tayyorladi





