AsosiyJamiyat

MDH kuzatuvchilar missiyasi O`zbekistonga keldi

O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi taklifiga binoan, Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligining MDH Ijroiya qo`mitasi raisi birinchi o`rinbosari Vladimir Garkun boshchiligidagi uzoq muddatli kuzatuvchilar missiyasi mamlakatimizga tashrif buyurdi, deya xabar beradi Uzbekistan Today axborot agentligi.

Markaziy saylov komissiyasida Kuzatuvchilar missiyasi a`zolari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov mehmonlarni 2015 yilgi saylov kampaniyasi bilan tanishtirib, u O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, saylov to`g`risidagi qonunlar va Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilingan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq ochiq va oshkora o`tkazilayotganini ta`kidladi.

MDH uzoq muddatli kuzatuvchilar missiyasi a`zolari O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti jarayoni bilan tanishtirdi. Qayd etilganidek, ularga saylovoldi tashviqotini olib borish va ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng imkoniyatlar yaratilgan.

 Uchrashuv davomida ta`kidlanganidek, MDH kuzatuvchilari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Toshkent shahrida missiyaning shtabi ish boshlaydi va kuzatuvlarni tashkil etish bilan bog`liq barcha tadbirlarni o`tkazadi. Uning vazifalariga saylov jarayoni borishi haqida materiallarni to`plash, ularga ishlov berish va tahlil qilish, saylov qonunchiligini huquqiy ekspertizadan o`tkazish va televizion dasturlar hamda bosma ommaviy axborot vositalarida chiqayotgan saylovga oid materiallarni monitoring qilish, nomzodlarning saylov shtablarida uchrashuvlar o`tkazish kiradi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi kuzatuvchilar missiyasi 2014 yilgi parlament sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish jarayonini kuzatish natijalari yuzasidan o`z bayonotida saylov qonunchiligining izchil takomillashtirilishi ochiq, erkin va demokratik saylovlar uchun zarur huquqiy asoslar yaratdi, degan xulosa berdi. Saylov O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi talablari, amaldagi saylov qonunchiligi va umum e`tirof etilgan xalqaro demokratik huquqiy me`yorlarga to`la muvofiq ravishda ko`ppartiyaviylik va partiyalararo raqobat asosida o`tkazildi, shaffof va ochiq bo`lib, O`zbekiston fuqarolarining o`z xohish-irodasini erkin bildirishini ta`minladi.

Missiya kuzatuvchilariga saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda qatnashish huquqini beradigan mandatlar topshirildi.

    Boshqa yangiliklar