O`zbekistonlik stilist va sartaroshlar Sankt-Peterburgda bo`lib o`tgan nufuzli “Nevskie berega” Xalqaro festival-tanlovida bosh va kichik mukofotlarni qo`lga kiritishdi. O`zbekistondagi feshn-industriyasi mutaxassislari o`zlari bilan 12 yo`nalish bo`yicha yigirmatadan ko`proq kuboklarni olib kelishdi, deya xabar beradi kun.uz nashri.
“Bu festival o`z talablari va o`tkazilish darajasi bo`yicha jahon chempionatiga tenglashtiriladi. Joriy yilda festivalda 30 davlatning stilist va sartaroshlari ishtirok etishdi. Bizning jamoaga 15 kishi kiritilgandi. Ularning barchasi O`zbekistonda o`tkaziladigan shu kabi tanlovlarning g`oliblari hisoblanishadi. Ular yuqori tayyorgarlik maktabiga hamda zaruriy malakalarga ega”, deb aytdi O`zbekiston sartaroshlar va kosmetologlar uyushmasi raisi, xalqaro darajadagi modeler, xalqaro toifadagi hakam Farhod Shomurodov.
“Eng katta muvaffaqiyatga samarqandlik 19 yoshli Shuhrat Hamdamov erishdi. U “Ukladkali zamonaviy erkaklar soch turmagi” yo`nalishida va bir qator boshqa nominasiyalarda 1-o`rinni egalladi. Qashqadaryolik soch turmaklari ustasi Muhammad Shodmonov ayollar soch turmaklari bo`yicha birato`la bir nechta yo`nalishlarda 2-o`rinni egalladi. Erkak va ayollar soch turmaklari bir nechta yo`nalishlarida samarqandlik Rustam Ashurov ham eng yaxshi deb tan olindi. Xalqaro hakamlar hay`ati Sobir Zoidov, Svetlana Lyam, Nikolay Nam va boshqa hamyurtlarimizning ishlarini yuqori baholashdi.
Jamoamiz ushbu festivalda Markaziy Osiyodan qatnashgan yagona vakil bo`ldi. Bu yil fantaziyali turmaklar yo`nalishining asosiy mavzusi “Ipak yo`li” deb nomlandi”, deb qo`shimcha qilib o`tdi Farhod Shomurodov.
Bundan tashqari, yana besh nafar o`zbekistonlik kosmetolog festival doirasida o`tkazilgan bu soha mutaxassislarining kongressi ishtirokchilari bo`lishgan.





