Poytaxtimizda shaxmat bo`yicha «Tashkent March Round Robin» xalqaro turniri bo`lib o`tdi. Unda yurtimiz «aql gimnastikasi» ustalari bilan birga Rossiya, Belarus, Ukraina va Tojikistondan kelgan shaxmatchilar g`oliblik uchun bahslashdi.
To`qqiz turdan iborat musobaqada iqtidorli shaxmatchimiz Sevara Boymurodova ukrainalik Viktor Dmitrienko, tojikistonlik Sohib Jo`raev, belaruslik Stanislav Sixanchuk, jamoadoshi Bahora Abdusattorova va rossiyalik Arkadiy Vulni mag`lubiyatga uchratib, hamyurtlarimiz Vladimir Egin va Hulkar Tohirjonova bilan durang o`ynadi. Shu tariqa, Sevara to`qqiz imkoniyatdan 6 ochko jamg`arib, xalqaro turnir g`olibasi bo`ldi va xalqaro grossmeysterlik me`yorini bajardi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy sayti xabar bermoqda.
Turnir davomida biron marta mag`lubiyatga uchramagan yagona shaxmatchi Vladimir Egin ikki g`alaba va etti durang natija bilan 5,5 ochko jamg`arib, ikkinchi o`rinni egallagan bo`lsa, to`qqiz turning beshtasida g`alaba va bittasida durang natija qayd etgan Gulruhbegim Tohirjonova qo`shimcha ko`rsatkichlar bo`yicha uchinchi o`rinni egalladi.
10.03.2015 14:35





