AsosiySport

Ertaga poytaxtimizda shaxmat bo`yicha xalqaro turnir boshlanadi

Ertaga, 11-mart kuni poytaxtimizda shaxmat bo`yicha O`zbekistonning birinchi grossmeysteri Georgiy Agzamov xotirasiga bag`ishlangan xalqaro turnir start oladi. Bugun an`anaviy tarzda o`tkazib kelinayotgan turnir ishtirokchilari Toshkentga etib kelishadi. Bu haqda olamsport.com nashri xabar beradi.

Bu yil o`z tarixida 9-marotaba o`tkaziladigan musobaqada armanistonlik Tigran Petrosyan, rossiyaliklar Vladislav Artemiev, Sergey Volkov, ozarbayjonlik Eltaj Safarli, belaruslik Aleksey Aleksandrov, fransiyalik Vladislav Tkachev kabi reytingi 2600dan yuqori bo`lgan xalqaro grossmeysterlar ishtirok etishadi.

Mamlakatimiz sharafini Marat Jumaev, Aleksey Barsov, Vladimir Elgin kabi tajribali, Ulug`bek Tillaev, Jo`rabek Hamroqulov, Timur Igonin, Shamsiddin Vohidov singari iste`dodli yosh shaxmatchilar himoya qiladi.

Jami 76 nafar shaxmatchi qatnashadigan xalqaro xotira turnirining umumiy mukofot jamg`armasi 20 ming AQSh dollarini tashkil etadi. G`olib shaxmatchi 4 ming dollarga ega bo`ladi. Kuchli uchlikdan joy olgan shaxmatchilarga mos ravishda 3 va 2 ming dollar mukofot puli taqdim etiladi.

    Boshqa yangiliklar