OChL “C” guruhi 2-turidan o`rin olgan “Lokomotiv” – “Fulad” uchrashuvi oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanining birinchi qismida "temiryo`lchilar" bosh murabbiyi Vadim Abramov hamda jamoa etakchisi Temur Kapadze ishtirok etishdi, deb yozadi olamsport.com nashri championat.asia ma`lumotlari asosida.
- Ertaga birinchi o`yin bilan solishtirganda tarkibda o`zgarishlar bo`ladimi?
- Ha, albatta. Ertangi bahsda ba`zi o`zgarishlar bo`ladi. “Lokomotiv” hali OChLda g`alaba nashidasini surmagan va biz ilk g`alabani qo`lga kiritishni istaymiz.
- Darvozabon borasida qaror qabul qilib bo`ldingizmi?
- Ha, bu borada yakuniy to`xtamga keldim.
- Jamoa ertangi muhim o`yinga tayyormi? Yo`qotishlar yo`qmi?
- Jamoa o`yinga tayyor. Barcha futbolchilar maydonga tushishga shay holatdalar.
- “Fulad” to`qqiz o`yindan buyon OChLda mag`lubiyatsiz o`ynab kelmoqda. Ertaga “Lokomotiv” ushbu seriyaga chek qo`ya oladimi?
- Rahmat, bu ma`lumot haqida bilmasdik. Biz ham hali OChLda g`alaba qozona olganimiz yo`q. Ertaga shu an`analarni buzishga harakat qilamiz.
- “Fulad” bilan bo`ladigan o`yinda siz uchun eng muhimi nima?
- Eng asosiysi birinchi bo`lib gol urib olishimiz kerak. “Lokomotiv” tezroq o`zining ilk g`alabasini nishonlashi kerak.
- Fozil Musaev hozirda Eron chempionatida to`p surmoqda. “Fulad” jamoasi haqida undan ma`lumot olishga urinib ko`rdingizmi?
- Hozirgi zamonda u bilan bemalol telefonlashib, bog`lanishimiz mumkin. Lekin men Fozil Musaev “Fulad” jamoasi haqida bizdan ko`proq ma`lumotga ega deya olmayman. U shunchaki “Fulad” jamoasi geografik joylashuvi haqida bilishi mumkin. Shu bois unga sim qoqib, nimanidir bilishga oshiqmadik. Agarda u “Fulad”da o`ynaganida ham biror narsani so`rasak bo`lardi.
Temur Kapadze: Eron jamoalari deyarli bir xil o`ynashadi. Ular jismonan ancha kuchli raqib hisoblanishadi. Birinchi o`yinda yo`l qo`yilgan xato va kamchiliklarni takrorlamaslikka harakat qilamiz. “Al Hilol” bilan bo`lgan o`yindagi mag`lubiyatni unutganmiz va bor diqqat-e`tibor “Fulad” bilan bo`ladigan o`yinga qaratilgan. Umid qilamanki, ertaga muxlislarga g`alabani taqdim etamiz.





