AsosiyDunyo

Qozog`istondagi ommaviy mushtlashuvlardan so`ng mansabdorlar ishdan olindi

'Qozog`istondagi ommaviy mushtlashuvlardan so`ng mansabdorlar ishdan olindi'ning rasmi

7 fevral kuni Qozog`istonning Jambil viloyati Korday tumanining Masanchi qishlog`ida aholi o`rtasida ommaviy tartibsizliklar bo`lib o`tgani haqida avval  ham xabar qilgandik. Ma`lumotlarga ko`ra mazkur holatga e`tiborsizlik bilan qaragan mansabdorlar o`z vazifasidan olib tashlangan.

Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqaev ushbu fojiaga yo`l qo`ygan davlat organlari xodimlari albatta jazolanishini ta`kidlagan edi. “Sputnik” agentligining xabar berishicha, o`z vazifasidan bo`shatilgan mansabdor shaxslarning nomi ma`lum qilindi. 

Xususan, Toqaev Jambil viloyati hokimi Asqar Mirzaxmetovga viloyatning ijtimoiy masalalar bo`yicha hokim o`rinbosari Sulushash Qurmanbekov va Korday tumani hokimi Bo`latbek Batoleni yo`l qo`ygan jiddiy xatolari uchun vazifasidan ozod etishni buyurgan.

Prezident, shuningdek, Qozog`iston ichki ishlar vaziri Erlan Turg`umboevga Jambil viloyati polisiya departamenti va Korday tumani polsiya bo`limi boshliqlarini ishdan olishga ko`rsatma bergan.

Bundan avvalroq mamlakat ichki ishlar vaziri o`rinbosari Aleksey Kalaychidi ommaviy mushtlashuvga yo`ldagi mojaro sabab bo`lgani aytgan edi. Shuningdek, u vaziyatning keskinlashuviga voqeaning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketishi ham sabab bo`lganini ta`kidlagan.

So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, Kordaydagi ommaviy mushtlashuv oqibatida o`n kishi halok bo`lgan. Tartibsizliklarda jami mingga yaqin kishi qatnashgan, 47 nafari hibsga olingan, 44 kishi qo`yib yuborilgan.

Boshqa yangiliklar