Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida buyuk mutafakkir, g`azal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 579 yilligiga bag`ishlab “Millat madaniyati takomilida Alisher Navoiy adabiy merosining o`rni” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo`lib o`tdi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab universitet Axborot-resurs markazi tomonidan tashkil etilgan shoir asarlari ko`rgazmasi bilan tanishdi.
O`zbek tili va adabiyoti kafedrasi tashabbusi bilan o`tkazilgan tadbirda universitetning yoshlar bilan ishlash bo`yicha prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchi I.Jumaniyazov, Qoraqalpog`iston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Qoraqalpog`iston xalq shoiri K.Karimov, shoir A.Utepbergenov, o`zbek tili va adabiyoti kafedrasi dosenti H.Abdullaev, turkman tili va adabiyoti kafedrasi assistent-o`qituvchisi S.Avezqlicheva so`zga chiqib, Alisher Navoiy va turkiy xalqlar adabiyotidagi ijodiy hamkorlik, hozirgi zamon qoraqalpoq lirikasida shoir an`analari, shoir ijodida aql va ilm-u hunar tavsifi, Alisher Navoiy va turkman adabiy muhiti masalalariga to`xtalib o`tishdi.






