Ijtimoiy tarmoqlarda Buvayda tumanidagi 8-umumta`lim maktabida ota-onalardan kamera o`rnatish uchun har bir boladan 15000 so`mdan pul yig`ilgani, ammo bir necha oy o`tgan bo`lsada kameralar o`rnatilmaganligi haqidagi videolavha tarqatilgan edi.
Farg`ona viloyat xalq ta`limi boshqarmasi Axborot xizmati mutaxassislar tomonidan ushbu holat o`rganilgani haqida xabar bermoqda.
Ta`kidlanishicha, ushbu maktabda 732 nafar o`quvchi ta`lim-tarbiya oladi. Ular uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan.
Biroq maktab ota-onalar Kengashining tashabbusi bilan, ixtiyori tartibda o`quvchilar xavfsizligini ta`minlash maqsadida maktab hovlisiga kamera o`rnatish uchun o`quvchilar ota-onalaridan 10 000 so`mdan, jami 3.050 000 so`m pul yig`ilgan.
Mazkur mablag`larining 1 923 500 so`miga 2 ta kamera hamda uning qo`shimcha jihozlari sotib olingan va maktab hududiga o`rnatilgan. Qolgan 1.126.500 so`m mablag` esa ota-onalar Kengashining qaroriga ko`ra maktabning eski binosi uchun kameralar sotib olish va o`rnatish maqsadida tegishli tartibda saqlanmoqda.
Videolavhadagi boshqa vajlar asossiz ekanligi aniqlandi.
Holat huquq tartibot idoralari tomonidan ham tegishli tartibda o`rganilmoqda.






