Ma`lumki, Jinoyat kodeksining asosiy vazifalaridan biri – fuqarolarni respublika Konstitusiyasi va qonunlariga rioya qilish ruhida tarbiyalashdan iboratdir.
Afsuski, ayrim fuqarolar tomonidan amaldagi qonun hujjatlari talablariga amal qilinmasdan, Jinoyat kodeksi bilan taqiqlangan pora berish jinoyatini sodir etish kabi jiddiy qonun buzilishi holatlari kuzatilmoqda.
Xususan, joriy yilning o`tgan davrida jami 23 nafar shaxslar ichki ishlar organlariga pora berayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan ushlanib, ulardan jami 18 mln. 940 ming so`m va 10 ming 400 AQSh dollari ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Mazkur holatlar bo`yicha Jinoyat kodeksining 211-moddasi tegishli qismlari bilan jami 16 ta jinoyat ishlari qo`zg`atilgan.
Tahlillarga ko`ra, 16 ta holatning 11 tasida yo`l harakati qoidalarini buzish huquqbuzarligi uchun ma`muriy bayonnoma tuzmaslik va avtomashinani jarima maydoniga joylashtirmaslik yoki jarima maydonidan chiqarib berish evaziga, 5 tasida sodir etilgan jinoyatni ijobiy hal qilish, tergovda engillik qilib berish evaziga pora berilgan.
Ushbu davrda qayd etilgan pora berish jinoyatlarining 4 tasi Namangan, Qashqadaryo va Jizzaxdan 3 ta, 2 tasi Navoiy, 1 tadan Surxondaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahar hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi hisobiga to`g`ri keladi.
Misol uchun, fuqaro T.Toshmatov (ismi, familiyasi o`zgartirilgan) jarima maydonchasida turgan avtomashinani chiqarib berish va avtomashinani hujjatsiz boshqarganligi uchun tegishli tartibda rasmiylashtirilgan ma`muriy bayonnoma yuzasidan chora ko`rmaslik evaziga joriy yilning 18 yanvar kuni Koson tumani IIB YHXB xodimiga 100 AQSh dollari va 900 ming so`m miqdoridagi pullarni pora tariqasida bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Yoki fuqaro S.Obidov va uning 3 nafar sheriklari (ismi, familiyasi o`zgartirilgan) 120 litr dizel yoqilg`isini o`g`irlab, 480 ming so`mga boshqa shaxsga sotgan vaqtda ushlanganligi uchun o`g`irlik holatini rasmiylashtirmaslik evaziga joriy yilning 15 yanvar kuni Transportdagi IIB Nukus shahar bo`limi boshlig`iga uning xizmat xonasida 10 mln. so`m pullarni pora tariqasida bergan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Hozirda pora berganligi uchun ushlangan barcha shaxslar tergov oldida javob bermoqda.
Yuqoridagilarga ko`ra, Bosh prokuratura barcha fuqarolarni respublika Konstitusiyasi va qonunlariga qat`iy rioya qilishlariga chaqirib:
– Jinoyat kodeksida faqatgina pora olgan mansabdor shaxsgina emas, balki pora bergan shaxs uchun ham qat`iy jinoiy javobgarlik belgilanganligi;
– Jinoyat kodeksining 211-moddasida, pora berish, ya`ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi mansabdor shaxsiga muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini ko`zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga bevosita yoki vositachi orqali moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish jinoyati uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etishjazosi belgilanganligini yana bir bor eslatadi.






