AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda bodi-kamera taqmay, haydovchidan hujjatlarni talab qilgan YPX xodimi ishdan bo`shatildi

'Qashqadaryoda bodi-kamera taqmay, haydovchidan hujjatlarni talab qilgan YPX xodimi ishdan bo`shatildi'ning rasmi

2 fevral kuni internet tarmog`ida “Qashqadaryoda bodi-kamera taqmagan YPX inspektori haydovchidan hujjat talab qildi. Haydovchi esa bunga e’tiroz bildirdi” sarlavhali videotasvir joylashtirilgan edi.

Mazkur videotasvir, 2020 yil 31 yanvar kuni  YPX katta inspektori katta serjant Fayzullaev Boboraxim soat 07:30larda o`zining “VAZ-2107” rusumli avtomashinasi bilan Qarshi shaharga kelayotgan vaqtida “Damas” avtomashinasi Qarshi-Koson yo`lining Qarshi tumani Uzunnavo qishlog`i ro`parasidagi svetaforning qizil chirog`idan o`tib kelganligi uchun uni o`zining avtomashinanisi bilan to`xtatgan.  

Katta serjant B.Fayzullaev avtomashinasidan tushib, bodi-kamerasidan foydalanmagan holda bosh kiyimini kiymasdan “Damas” avtomashina eshigini ochib, haydovchi D.Yuldoshevga o`zini tanishtirmasdan, tegishli hujjatlarini taqdim qilishni so`ragan.  

Shundan so`ng fuqaro D.Yuldoshev katta serjant B.Fayzullaevga “komandir odamni qo`rqitmang, kamerangiz yo`q”-deb e`tiroz bildirganidan so`ng u o`zining avtomashinasidan bosh kiyimini olib kiyib bodi-kamerasini olgan va “Damas” eshigini ochib haydovchiga hujjatlarini taqdim etishni talab qilib, avtomashina kalitini olib qo`ygan.  

Fuqaro D.Yuldoshev katta serjant B.Fayzullaevga “komandir bunaqa qilishga haqqingiz yo`q”,-deb e`tiroz bildirganida haydovchiga “Nima qilishga haqqim boru, nimaga haqqim yo`qligini o`zim bilan”-deb, u bilan qo`pol muomalada bo`lib hujjatlarini taqdim qilishni talab qilishda davom etgan. Haydovchi YPX inspektoriga hech qanday qoida buzmaganligini, svetaforning yashil chirog`idan harakatlanib kelganligini aytganida, YPX inspektori uni gaplariga e`tibor bermasdan hujjatlarini taqdim qilishini, o`zini “Dilbek” ekanligini tasdiqlab berishini aytganida, haydovchi YPX inspektoriga avtomashina eshigini yopishni talab qilgan.

Katta serjant B.Fayzullaev avtomashina eshigini yopib hujjatlarini berishni talab qilganida, fuqaro unga “Meni qisib to`xtatdingiz, Sizni bunga haqqingiz yo`q, avtomashina kalitini ham olib qo`ydingiz buning uchun ham javob berasiz, bunday qilishga haqqingiz yo`q, bu ishlaringiz uchun javob berasiz, men tegishli joyga arz qilaman”-deb, avtomashina hujjatlarini YPX inspektoriga taqdim qilganida u hujjatlarni olib, “Yo`lning narigi tomoniga o`tasiz”-deb, o`zining avtomashinasiga minib yo`lning qarama-qarshi tomoniga o`tib to`xtagan.  

Shundan so`ng, fuqaro D.Yuldoshev avtomashinasidan tushib, o`zini o`zi tasvirga olib, mashinasi ochiq qolayotganiga urg`u berib YPX inspektorining orqasidan borgan.

YPX inspektori fuqaro D.Yuldoshevga nisbatan Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabr kunidagi 370-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Yo`l harakati qoidalari”ning 31-bandida ko`rsatilgan qoidabuzarlikni sodir etganligi uchun UZ-19-seriyali 70-270501-raqamli ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirgan va haydovchini ma`muriy bayonnoma bilan tanishtirib haydovchilik guvohnomasini ma`muriy bayonnomaga ilova qilib, qolgan hujjatlarini to`liq qaytarib bergan.  

Mazkur holat yuzasidan YPX katta inspektori katta serjant Fayzullaev Boboraximga nisbatan viloyat IIB mas`ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o`tkazilib, o`tkazilgan tekshiruv davomida, katta serjant B.A.Fayzullaev xizmat faoliyatini olib borishi davomida IIVning me`yoriy hujjatlarida ko`rsatilgan talablarga rioya etmasdan, fuqarolar bilan bepisandlarcha qo`pol munosabatda bo`lib, o`zining intizomsizlini namoyon qilib, fuqarolar ongida IIO xodimlari to`g`risida salbiy fikrlarni o`yg`onishiga sababchi bo`lganligi uchun egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. 

    Boshqa yangiliklar