AsosiySport

Rishod SOBIROV: “BARIBIR OLIMPNI ZABT ETAMAN!”

Muxlislarning “Rishod Sobirov vaznini o`zgartirgani rostmi? Ayni vaqtda qaysi musobaqaga tayyorgarlik ko`ryapti ekan? Olimpiada o`yinlarida bronza medali bilan cheklanadimi?” kabi savollari bizni u bila suhbat qilishga chorladi. Shunday qilib, bugun ikki karra olimpiada o`yinlari bronza medali sohibi, sportning dzyudo turi bo`yicha O`zbekiston sharafini halqaro arenalarda munosib himoya qilayotgan sportchilardan biri Rishod Sobirov – tahririyatimiz mehmoni.

— Ayni vaqtda qanday musobaqaga tayyorgarlik ko`ryapsiz?

 — Bugungi kunda Qozog`istonning Ostona shahrida o`tkaziladigan jahon chempionatiga tayyorgarlik ko`ryapman.

— Raqibingni er tishlatmoqchi bo`lsang, uni avval yaxshilab o`rgan, deyishadi. Ayni vaqtda olimpiada o`yinlarida sizning raqiblaringiz kimlar bo`lishi mumkin? Ularni o`rganyapsizmi?
— Men har bir raqibimni mahoratini, ojiz tomonlari hamda ustun tomonlarini hisobga olib qat`iy belgilangan reja asosida ish tutishga harakat qilaman. Vaznim 60 kg. bo`lgan vaqtda har bir raqibimni o`rganib chiqqan edim. Bugun 66 kg.dagi raqiblarimni o`rganish bilan bandman. Eng asosiy raqiblarim Rossiya, Koreya va Yaponiya polvonlari.

— Sizni yaqindan bilganlar Rishod polvonlar ichida ko`ngli bo`sh, rahmdilligi bilan ajralib turadi, deyishadi.  Bu ta`rifni qanday izohlaysiz?

— Ko`nglim bo`shligi balki to`g`ridir, ammo faqat o`zimga yaqin deb bilgan, meni ardoqlagan va men ardoqlaydigan insonlarga nisbatan mehribonman, xolos. Raqiblarimni esa, ayab o`tirmayman (kuladi).

— Olot tumanidagi kurash maktabida o`qib yurgan Rishod bu kunlarga erishaman, deb o`ylaganmidi? 

— Men hech qachon hamma qatori orzu qilmaganman. Orzuyim boshqalarnikidan jiddiyroq  bo`lgan, mehnatim ham shunga yarasha bo`lardi. O`sha vaqtlarda chempionlik, ayniqsa olimpiadada g`olib bo`lish eng yuksak orzum bo`lgan.

— Siz uchun kurash qondan-qonga o`tadigan irsiyatmi yoki mashaqqatli mehnat evaziga erishiladigan kasb?

— Aytganingizdek, polvonlar ikki xil bo`ladi, birinchisi, ajdodi kurashchi bo`lgan polvon, ikkinchi turi esa mashaqqatli va rejim asosida mehnat qilgan polvonlar. Qondan o`tgan polvonlar 70 foiz harakat qilib, Xudo bergan iqtidori bilan 100 foiz mehnat qiladigan sportchini er tishlatishi mumkin.

— O`zingiz ikki toifadan qaysi biridaman, deb o`ylaysiz?

— Mening bobom xalq orasida dong`i chiqqan va kuragi erga tegmagan Hazrat polvon bo`lgan. Demak, qonimizda polvonlik bor.

— Bir kunda mashqlarga qancha vaqt ajratasiz?

— Har kuni ertalab va kechqurun ikki soatdan mashq bajaraman.

— Olimpiada o`yinlarida bronza medaldan oltin medalgacha qancha harakat qilish lozim deb o`ylaysiz? 

—Imkoniyat darajasida mehnat qilyapman, eng muhimi vaqtida qilingan samarali va astoydil mehnat, rejim va erishgan muvaffaqiyatlarda to`xtab qolmaslik. Men esa doimiy harakatdaman.

— Vaznimni o`zgartirganimdan keyin Toshkent gran-pri musaboqalarida ilk oltin medalni oldim, degan ekansiz. Vazningizni o`zgartirishga nima sabab bo`ldi?

— O`tgan yillarda vaznim oshib 70 kg.ga etdi. Bu vazndan 60 kg.ga tushishni o`zi bo`lmaydi. Bu sog`lik uchun ham zarar bo`lishi mumkin. Shu sababdan endi 66 kg. vaznda musobaqalarda ishtirok etaman.

— Shu vaqtgacha to`plagan medallaringiz vazningizga teng bo`lishi mumkinmi?

— Bilmadimu har bitta egallagan shohsupam qo`lga kiritgan medalim vaznim bilan teng qiymatga ega. Bayrog`imiz qanchalar balandga yuksalsa, g`ururim shu qadar baland ko`tariladi.

— Olimpiada o`yinlarida ikki bor kuragingiz erga tegdi. Shunda xayolingizdan nimalar o`tdi?

— 2012 yil oltin medalni olaman, deb nihoyatda ko`p harakat qilgandim. Bronza medal olgan vaqtimda ruhiy tushkunlikka tushganman. O`zimni ko`niktirishim qiyin bo`ldi. Keyin holda medalsiz qolgandan ko`ra, bronza olib keldim-ku, degan umid bor edi, xolos.

— Polvonlar oilasiga vaqt ajrata oladimi, oilangiz haqida …

— Uylanganman, ikkita o`g`lim bor. To`ng`ich o`g`lim  5 yoshda, kichigi olti oylik. Farzandlari kelajakda yaxshi va el yurtga foydasi tegadigan inson bo`lib etishishidan umidvor bo`lgan har bir ota farzandlar tarbiyasiga mas`ul bo`ladi.

Qisqacha ma`lumot

  • Rishod Rashidovich Sobirov 1986 yil, 11sentyabrda, Buxoro viloyati, Jondor tumanida tug`ilgan.
  • 2007 y. – h.v. Chirchiq oliy tankchilar kursantlar muhandislik bilim yurti kapitani.
  • 2008 yil Buxoro davlat universitetini tamomlagan. 
  • 2008 yil 12-25 avgust kunlari Xitoyning Pekin shahrida Olimpiada o`yinlarida 3-o`rin
  • 2011 yil 23-27 avgust kunlari Parij shahrida jahon chempionatida 1-o`rin,
  • 2012-yil London shahrida o`tkazilgan 2012 Yozgi Olimpiya o`yinlarida 3-o`rinni egalladi.
  • 2012-yil “O`zbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlangan

                                                                 Feruz MAMATOV suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar