Kecha, 25 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti “2015 yilgi Navro`z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish to`g`risida” qaror qabul qildi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy sayti xabar beradi.
Ushbu milliy bayramning ma`naviy hayotimizdagi o`rni va ta`siri, insonning tabiat bilan hamohang bo`lib yashashi, jamiyatimizda mehr-oqibat va hamjihatlik, keksalarga e`zoz va ehtirom, kichiklarga izzat ko`rsatish, odamiylik, yaxshi qo`shnichilik, xayr-saxovat, bag`rikenglik va bunyodkorlik muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodni milliy an`analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirish borasida Navro`zning mohiyati va ahamiyati tobora ortib borayotganini inobatga olib hamda bu qutlug` ayyomni yuksak saviyada nishonlash maqsadida tashkiliy qo`mita tarkibi tasdiqlanib, bayramini Toshkent shahrida, Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman va qishloqlarda umumxalq sayillari shaklida ko`tarinki ruhda o`tkazishga qaratilgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma`naviy tadbirlar rejasini ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
Tadbirlar rejasini tayyorlashda quyidagi masalalarga alohida e`tibor qaratiladi:
- joylarda bo`lib o`tadigan tadbirlarda, ommaviy axborot vositalarida Navro`z bayramining tarixi, uni nishonlash bilan bog`liq urf-odat, an`ana va qadriyatlarimizning mohiyati va ahamiyatini keng yoritish;
- mamlakatimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat`i nazar, barcha yurtdoshlarimiz uchun sevimli bayramga aylangan Navro`zning ruhi va falsafasida mujassam bo`lgan ahillik va totuvlik, mehru saxovat, yoshi ulug` insonlarni har tomonlama e`zozlash, ko`makka muhtoj insonlarga beg`araz yordam berish bilan bog`liq tadbirlarni amalga oshirish;
- yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, yasharish va yangilanish, qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi bo`lmish Navro`z faslida mahallalarda, shahar va qishloqlarimizda hasharlar, keng ko`lamdagi obodonchilik va ko`kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish;
- Qoraqalpog`iston Respublikasida, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida bo`lib o`tadigan bayram dasturlariga folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, oilaviy ansambllar, baxshi-shoirlar, shuningdek, professional ijrochilar va iste`dodli estrada artistlarini tanlov asosida jalb etish;
- bayram dasturlarini tayyorlashda folklor san`atining eng yaxshi namunalari, xalq o`yinlariga, el-yurtimizning dilidan chuqur joy olgan tarixiy urf-odatlarga, go`zal insoniy tuyg`ularni tarannum etadigan mumtoz kuy va qo`shiqlar, o`lan va laparlarga keng o`rin berish.
Shuningdek, Qarorda o`tkaziladigan bayram tadbirlari Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda xayriya mablag`lari hisobidan, Toshkent shahrida esa respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag`lari hisobidan teng ulushlarda qoplanishi belgilab qo`yildi.





