Jinoyat ishlari bo`yicha Namangan shahar sudining 2015 yil 22 sentyabrdagi hukmiga ko`ra, 46 yoshli Namangan muhandislik-texnologiya institutida “Korxona iqtisodiyoti” fani o`qituvchisiga JKning (eski tahrirdagi) 214-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan JKning 45,57-moddalari qo`llanib, 2 yil oliy o`quv yurtlarida pedagogik faoliyat bilan shug`ullanish huquqidan mahrum qilinib, ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 1 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan...
JIB Namangan viloyat sudi apellyasiya ins- tansiyasining 2015 yil 22 oktyabrdagi ajrimi bilan sud hukmi o`zgarishsiz qoldirilgan.
Oliy sud JIB sudlov hay`atining 2019 yil 10 maydagi ajrimi bilan JIB Namangan viloyat sudi apellyasiya instansiyasining 2015 yil 22 oktyabrdagi ajrimi bekor qilinib, ish yangidan ko`rish uchun shu instansiya sudiga yuborilgan.
Ish hujjatlariga ko`ra...
2014/2015 o`quv yili yakuni yuzasidan “Iqtisodiyot” fakulteti 3-bosqi- chining ikki nafar talabasiga kurs ishidan mavzu bermagan. Boisi, “kurs ishini o`zim tayyorlab beraman. Evaziga 100 dollar berasizlar. Yo`qsa, kurs ishi mavzusini bermayman, baho ham yo`q”, degan. Ulardan tovlamachilik yo`li bilan haq berishni talab qilib, 2015 yil 20 martda har biridan 100 dollardan olgan.
Shuningdek, ikki talaba 10 soatdan dars qoldirgani uchun 10 tadan qayta topshirish ishi yozish kerakligini aytib, “o`zim yozdiraman, sababi kurs ishidagi yozuv bilan qayta topshirishdagi yozuvlar bir xil bo`lishi kerak” degan. Har bir qoldirilgan darslarga qayta topshirish ishini yozib berishga 10.000 so`mdan, har biri
100.000 so`mdan jami 200.000 so`m berishlarini, bo`lmasa baho qo`yib bermasligini aytgan. Haq berishni takroran talab qilganlikda aybli, deb topilgan.
«BIROR TALABADAN MODDIY MANFAATDOR BO`LMAGANMAN »
O`qituvchi tergov va sudda bergan ko`rsatuvlarida aybiga iqror bo`lmagan...
— 2012 yildan buyon Namangan muhandislik-texnologiya institutida “Korxona iqtisodiyoti”, “Agrasanoat majmuasi iqtisodiyoti” fanlaridan dars beraman. 2014-2015 o`quv yilida menga ajratilgan fanlardan ma`ruza va amaliy mashg`ulotlarni olib borganman. 3-bosqich 14u-12 guruhidan 17 nafar talaba etarli ball to`play olmasdan qayta topshi- rishga qo`yilgan. Buning uchun ularga konsultasiya o`tganman. Konsultasiyaga kelgan har bir talabaga imzo qo`ydirib olganman. Besh nafar talaba 74 soatdan ortiq dars qoldirgan, talabalar safidan chiqarilishi lozim bo`lgan. Bu haqda dekanatga bildirishnoma bilan chiqqanman. So`ng komissiya a`zolari ishtirokida talabalardan kurs ishi va qayta topshirish ishlarini qabul qilib oldim. Komissiya a`zolari ishtirok etishgan, ularning kurs ishi- dagi imzolari bor. Biroq komissiya a`zolari aksariyat hollarda darslarda bo`lgani sababli ayrim kurs ishlarini o`zim qabul qilganman. Jumladan, 2 talabaning kurs ishlarini yakka o`zim qabul qilganman. Boshqa talabalar kurs ishlarini topshirishga qiynalgan. Lekin rahbariyat topshirig`i bilan bu talabalarni yaxshilik va odamgarchilik qilib baholaganman. Bir guruhda menga kurs ishini rahbarligi yuklatilgan bo`lmasa-da, kurs ishlarini qabul qilganman. Sababi u guruhga biriktirilgan o`qituvchi malaka oshirishda bo`lgan. Biror talabadan moddiy manfaatdor bo`lmaganman. Bir marotaba bir talabaning mashinasiga chiqqanimda, meni boshqa o`quv binosiga tashlab qo`ygan. Lekin pul olmaganman.
Dastlabki tergovdagi yuzlashtirishda o`qituvchi talabaning ko`rsatmalarini inkor qilgan. Suddagi ko`rsatmalarida esa unga nisbatan tuhmat qilinayotganini ko`rsatgan.
“JINOYaT TARKIBI BOR YoKI YO`QLIGI TEKShIRILMAGAN”
To`lqin TO`RAQULOV, jinoyat ishlari bo`yicha Namangan viloyat sudi raisi o`rinbosari:
— Mahkum va uning himoyachisi apellyasiya shikoyatida o`qituvchining aybsizligi haqida vajlar keltirib, sud hukmini bekor qilib, oqlov hukmi chiqarishni so`rashgan.
O`rganish natijasi shuni ko`rsatdi-ki, birinchi instansiya sudida to`p- langan dalillar o`qituvchini ayblash uchun etarli emasligini e`tibordan chetda qoldirgan. Jinoyat tarkibi bor yoki yo`qligi tekshirilmagan. Uning zimmasiga qo`yilgan ayblov 2 talabaning ko`rsatuvlari va arizalariga asoslangan. Jinoyat ishida dastlabki tergov organi tomonidan o`qituvchining takroran tovlamachilik yo`li bilan haq berishni talab qilganini tasdiqlovchi boshqa ob`ektiv dalillar to`planmagan. U pora olish vaqtida ushlanmagan, pora predmeti hisoblangan pullar ashyoviy dalil sifatida olinmagan, ishda uning pora olganini tasdiqlovchi video va audio yozuvlar, telefon so`zlashuvlari yoki boshqa ashyoviy dalillar mavjud emas, taxminlarga asoslanib ayblangan. Bunday holatda sud hukmini qonuniy va asosli, deb bo`lmaydi. Sudlov hay`ati apellyasiya shi- koyatlaridagi vajlarni jinoyat ishi hujjatlari bilan tahlil qilib, apellyasiya shikoyatlarini qanoatlantirib, ayblov hukmini bekor qilib, oqlov hukmi chiqarishni lozim topdi.
JIB Namangan shahar sudining 2015 yil 22 sentyabrdagi sudlanuvchiga nisbatan chiqargan hukmi bekor qilindi. Uning qilmishida jinoyat tarkibi bo`lmagani sababli jinoyat ishi JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan tugatildi. Aybsiz deb topilib, reabilitasiya qilindi (oqlandi), apellyasiya shikoyatlari qanoatlantirildi.
Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist






