“Nihol” mukofoti sovrindori xonanda Manzura ijodiga 18 yil to`lishi munosabati bilan 1-2-3 fevral kunlari “Istiqlol” san`at saroyida ilk yakkaxon konsert dasturini taqdim etayotgani haqida xabar bergan edik. Biz konsertning birinchi kunidan reportaj tayyorlagandik lekin 3 fevral tongida esa konsertning uchinchi kuni bekor qilingani ma`lum bo`ldi.
Konsertning ikkinchi kuni, ya`ni 2 fevral kuni konsert dasturidan so`ng tobi qochgan Manzurani “Istiqlol” san`at saroyidan “Tez yordam” mashinasi olib ketdi. Ma`lumotlarga ko`ra, bunga yurak xastaligi sabab bo`lgan. Xonandaning ahvoli haqida hozircha hech qanday ma`lumot yo`q. Konsert tashkilotchilari va xonandaning ma`muri chipta olgan muxlislarning pullari qaytarilayotganini ma`lum qildi. Ma`murning so`zlariga qaraganda konsertning ikkinchi kuni tush vaqtida Manzuraning tobi qochib qolgan. Hatto shifokorlar ko`rigi sabab konsert biroz kech boshlangan. Konsert oxirida esa yana “Tez yordam”ga murojaat qilishga to`g`ri kelgan.
Eng xit qo`shiqlar kuylandi
Umuman olganda xonanda Manzuraning ijodi haqida so`z ketganda uning 18 yildan buyon “Istiqlol” san`at saroyida biror marta ham konsert bermagani taajjubli, albatta. Holbuki konsert berishga sabablar va xit taronalar Manzuraning ijodida keragidan ortiq. Xonanda ilk konsert dasturida shu vaqtgacha xit bo`lgan eng sara qo`shiqlarini kuyladi. “Afsusdaman”, “Seni-seni”, “Alamlarimsan”... Xullas, bu qo`shiqlarning barchasi zaldagi tomoshabinlarga yod bo`lib ketgan. Doimiy ravishda klub qo`shiqlarini ijro etgan Manzuraning “Janon bo`laman”ni kuylashi esa tomoshabinlarga chinakam yangilik bo`ldi.
Kutilgan ammo kuylanmagan duet
3 ta blokdan iborat konsert dasturining har bir blokida raqqosalar guruhi sahnani tark etmay qo`shiqlarga mos teatrlashtirilgan raqslarni namoyish etdi. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Mavluda Asalxo`jaeva, xonanda Ulug`bek Rahmatullaev hamda “Bojalar” guruhi bilan quloqqa tanish bo`lgan duetlar ham konsertdan o`rin oldi. Lekin, ko`pchilik Manzuradan xonanda Bunyodbek Saidov bilan bo`lgan duetni kutgandi. Ammo duet konsertda jarang sochmadi.
Dekorasiya ustida ham o`z ishining mohir ustalari ishlagan deyish mumkin. Bitta konsertda ikki marta dekorasiya o`zgarishini shu vaqtgacha boshqa san`atkorlarning konsertida kuzatilmagan edi.
“Gumdon” guruhi konsertni qizdirdi
Dasturni Akmal Mirzo, Jahongir Poziljonov hamda Davron Kabulov olib borishdi. O`zlarini “Gumdon” guruhi deb e`lon qilgan boshlovchilar ko`targan o`zbek futboli mavzusi Manzuraning konsertiga biroz mos emasdek tuyuldi. Lekin, ularning chiqishlari davomida qarsaklarning keti uzilmadi. Comedy.uz rezidentlarining chiqishlari ham zalni jonlantirdi.
P/S.: Konsert chiptalari 10 ming so`mdan 70 ming so`mgacha bo`ldi. Tomoshabinlarning asosiy qismini esa 16 yoshdan 35 yoshgacha bo`lganlar tashkil etdi.
Konsertning boshidan oxiriga qadar Manzura fonogrammada kuyladi. Vaholanki uning ovoz imkoniyatlari jonli ijroga bemalol etar edi. Ustiga-ustak konsert birorta ham cholg`uchi ko`rinmadi. Bundan tashqari 8 kishidan iborat raqs guruhi ham “Istiqlol” sahnasi uchun kamlik qilgandek.





