“Genri Mur: grafika ustasi” deb nomlangan ko`rgazma O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Britaniya kengashi tomonidan O`zbekiston Badiiy akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda rassomning saksonta grafika ishi namoyish qilinmoqda.
O`zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Jorj Edgar, Britaniya kengashining O`zbekistondagi bo`limi direktori Mark Krossi va boshqalar O`zbekiston hamda Buyuk Britaniya o`rtasidagi serqirra hamkorlik barcha sohalar, jumladan, madaniyat va san`at yo`nalishida ham izchil rivojlanayotganini ta`kidladi.
Genri Mur – Buyuk Britaniyaning XX asrdagi atoqli rassomi va haykaltaroshlaridan biridir. Uning ijodiga mansub asarlar hayotiyligi, zamonaviyligi va tabiatga yaqinligi bilan ajralib turadi. Ijodkor asarlari dunyoning ko`plab mamlakatlarida namoyish etilgan. Rassom ijodida ona va bola, xotin-qizlar obrazlari alohida o`rin tutadi.
Video-gid ko`rgazmaga tashrif buyurganlarga Genri Murning namoyish etilayotgan asarlari va ijodidagi asosiy mavzular haqida ingliz tilida ma`lumot bermoqda.
Manba: uza.uz





