Bugun Toshkent shahar Turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan shahar hokimiyatida poytaxtimizda tibbiyot turizimini rivojlantirish uchun turfirmalar va tibbiyot klinikalari o`rtasida doimiy hamkorlikni yo`lga qo`yish hamda sohadagi mavjud muammolarni birgalikda bartaraf etishga qaratilgan uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda Toshkent shahar Turizmni rivojlantirish departamenti matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv Toshkent shahar Turizmni rivojlantirish departamenti direktori S.Tadjiev tomonidan olib borildi va unda shahrimizda faoliyat olib borayotgan turfirma va tibbiyot klinikalari vakillari ishtirok etishdi.
Uchrashuv boshida Departament hodimlari tomonidan sohada amalga oshirilayotgan ishlar va yurtimizning, shuningdek, Toshkent shahrining imkoniyatlariga bag`ishlangan taqdimot namoyish etildi. Shundan so`ng, Departament hodimlari tomonidan uchrashuvga tashrif buyurgan mehmonlarning barcha savollariga to`liq javob berildi hamda turfirmalar va tibbiyot klinikalari vakillarining sohani rivojlantirishga qaratilgan takliflari tinglandi. Uchrashuv yakunida doimiy tarzda o`zaro uchtomonla hamkorlikni amalga oshirishga kelishib olindi.






