AsosiyDunyo

Kanadada ham pensiyaga yashash deyarli imkonsiz ekan. Lekin...

'Kanadada ham pensiyaga yashash deyarli imkonsiz ekan. Lekin...'ning rasmi

Kanadada beriladigan pensiyaga yashash deyarli imkonsiz ekan. Bu haqda 2016 yildan beri Kanadaning Kalgari shahrida doimiy istiqomat qilayotgan hamyurtimiz o`zining telegram kanalida xabar bermoqda. 

Uning aytishicha, Kanadada 65 yoshdan kattalarga oyiga maksimum 1530 Kanada dollari (bu taxminan 11 milliondan ortiq so`m degani) beriladi va bu pul esa uy arendasi va eb-ichishga arang etadi.

Shu sababli Kanadada pensiyaga odamlarning o`zi jamg`arishi kerak ekan. 

Bu erda alohida pensiya jamg`armalari yo`q, istalgan bankda maxsus pensiya hisobraqami — RRSP'ni ochish mumkin. RRSP — Registered Retirement Savings Plan dasturi hukumat tomonidan yaratilgan bo`lib, unga kiritilgan mablag`lar daromad solig`i bazasini kamaytiradi.

Misol: Deyv 2019 yilda 50 ming dollar daromad ko`rdi va shu summadan daromad solig`i to`ladi. Yil davomida u 5 ming dollarni pensiya hisobraqamiga o`tkazdi va shu bilan soliq bazasini 5 ming dollarga kamaytirdi. Endi u 50 ming dollardan emas, balki 45 ming dollardan daromad solig`i to`laydi. Agar yil davomida ko`p soliq to`lagan bo`lsa, keyingi yil aprel oyida Soliq qo`mitasi oshiqcha to`lagan solig`ini qaytarib beradi.

50 ming dollar ishlab topgan Deyv 5 ming dollarni pensiya hisobraqamiga o`tkazsa, soliq bazasining kamaygani tufayli u 1380 dollar daromad solig`i to`lamaydi. Agar to`lab bo`lgan bo`lsa, davlat tomonidan qaytariladi.

Bu dasturning ikkita nyuansi bor:

Birinchidan, RRSP'dan chiqarib olingan mablag`lar daromad hisoblanadi va soliq bazasini oshiradi. Ya`ni, 2020 yilda 50 ming ishlab topgan odam pensiya jamg`armasidan 5 ming dollarini chiqarib olsa, o`sha yili 55 ming dollar ustidan daromad solig`i to`laydi.

Ikkinchidan, bu dasturga millionlab dollar joylab, daromad solig`idan qochish mumkin emas. RRSP'ga kiritilishi mumkin bo`lgan mablag` miqdori yillik daromadingizning 18 foizi yoki 26 500 dollardan oshmasligi kerak.

Pensiya hisobraqamidagi pullar odatda investisiya qilinadi. Pulingizni qaysi bankda jamg`arayotgan bo`lsangiz, o`sha bank orqali kompaniyalar aksiyalarini sotib olishingiz va foyda (yoki zarar) olishingiz mumkin.

Ishxonamda qiziq dastur bor ekan — xodimlar pensiya jamg`armasiga qancha pul kiritsa, ular ham shuncha pul qo`shimcha qilarkan. Bitta sharti bilan — ishxona kiritgan qismi oylikning 1 foizidan oshmaydi. Kompaniyada qanchalik uzoq ishlasa, ishxona kiritadigan summa ham ortib borarkan.

Masalan: Stiv 6 ming dollar oylik oladi (soliqlardan avval), buning 1 foizi 60 dollarni tashkil qiladi. Stiv har oy pensiya jamg`armasiga 60 dollar o`tkazsa, ishxona ham 60 dollar qo`shadi va hisobiga 120 dollar bo`lib tushadi.

Bu summa, yuqorida aytganimdek, soliq bazasini kamaytiradi.

    Boshqa yangiliklar