AsosiySport

Qosimjonov Tbilisi Gran-prisida durang o`ynadi

Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida shaxmat bo`yicha FIDE Gran-prisining uchinchi bosqichi davom etmoqda. Sayyoramizning eng kuchli grossmeysterlari ishtirokida o`tayotgan nufuzli musobaqada hamyurtimiz 2004 yilgi jahon chempioni Rustam Qosimjonov ham ishtirok etmoqda. Bu haqda olamsport.com xabar beradi.

Kecha, 17 fevral kuni o`tkazilgan 3-tur uchrashuvida hamyurtimiz oq donalarda gollandiyalik Anish Giri bilan hisob-kitob qildi. Tomonlar 20-yurishdan keyinoq murosaga kelishni afzal bilishdi. Ushbu durangdan so`ng Qosimjonov 1,5 ochko bilan turnir jadvalida 5-o`rinni egallab turibdi.

Bugun, 18 fevral kuni Rustam Qosimjonov 4-turda qora donalarda kubalik Lener Dominges bilan munosabatlariga oydinlik kiritib oladi. Dominges o`tkazgan uchchala partiyasida ham raqiblari bilan durangga imzo chekkan va uning hisobida ham 1,5 ochko bor.

Turnir jadvalida 2,5 ochkoga ega rossiyalik Evgeniy Tomashevskiy yakka peshqadamlik qilyapti. Ozarbayjonlik Shaxriyar Mamadiyarov, rossiyalik Dmitriy Yakovenko va gollandiyalik Anish Giri hisobida 2 tadan ochko mavjud.

 

    Boshqa yangiliklar