Ohangaron tuman tibbiyot birlashmasi xo`jalik ishlari bo`limi xodimi F.A. tibbiyot birlashmasi navbatchi hamshirasi Ya.A.ni boshqa bo`limga hamshiralikka o`tkazib berish evaziga 200 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`limi boshlig`i Hayot Shamsutdinov Darakchi.uz nashriga xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Ohangaron shahar bo`limi tomonidan shahar prokuraturasi hamda DXX xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda aniqlanishicha, F.A. ushbu 200 AQSh dollarini tibbiyot birlashmasi boshlig`i Sh.T.ga etkazib berishi lozimligini ma`lum qilgach, tezkor tadbir davom ettirilib, tibbiyot birlashmasi boshlig`i Sh.T. hamshira Ya.A.ni boshqa bo`limga hamshiralikka o`tkazish evaziga talab qilgan 200 AQSh dollarini F.A. orqali pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Ohangaron tuman tibbiyot birlashmasi boshlig`i Sh.T. va xo`jalik ishlari bo`limi xodimi F.A.larga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






