Qozog`iston Qishloq xo`jaligi vazirligi mamlakatdan barcha yoshdagi yirik va mayda shoxli tirik qoramollarni olib chiqib ketishni butunlay taqiqlashga qaror qildi. Tegishli tuzatishlar Qishloq xo`jaligi vazirligi va Moliya vazirligining ilgari faqat urg`ochi mol eksportini cheklagan «Qishloq xo`jaligi hayvonlarini eksport qilishning ayrim masalalari to`g`risida»gi qo`shma buyrug`iga kiritiladi. Bu haqda Informburo axborotiga tayanib Kun.uz xabar berdi.
Informburo’ning yozishicha, mamlakat Qishloq xo`jaligi vazirligi shu yo`l bilan qoramolni O`zbekistonga ommaviy olib chiqib ketishning oldini olishni va Qozog`istondagi go`shtni qayta ishlash korxonalarida kuzatilayotgan past yuklama muammosini hal qilishni nazarda tutgan.
Bildirilishicha, 2019 yilda Qozog`istondan 156 ming bosh yirik shoxli qoramol olib chiqib ketilgan, ulardan 78 foizi - O`zbekistonga, yana 14 foizi - Armanistonga. Shuningdek, 264 ming bosh qo`y mamlakatdan olib chiqilgan, ularning yarmidan ko`pi urg`ochi bo`lgan. Mayda shoxli qoramolning asosiy xaridori ham O`zbekistondir. Ya`ni respublikamizga Qozog`istondan 200 mingdan ortiq qo`y (76%) eksport qilingan.
Keyinchalik qayta ishlash va qayta sotish uchun tirik qoramollarning ommaviy ravishda eksport qilinishi go`sht mahsulotlari narxlari ko`tarilishiga zamin yaratdi. Vaziyat Qozog`istondagi go`shtni qayta ishlash korxonalarida yuklamaning pasayishi va ozuqa bazalarining bo`shab qolishiga olib keldi. 2019 yilda, asosan, xomashyo tanqisligi sababli, ularda ish quvvatining yarmidan kami ishlagan.
2017-2021 yillarda Qozog`istonda agrosanoat kompleksini rivojlantirish davlat dasturi Qishloq xo`jaligi vazirligiga qayta ishlangan mahsulotlar eksportini 2,5 baravar oshirish vazifasini yuklaydi.






