“O`zgidromet” markazidan hafta davomida kuzatiladigan ob-havo haqida ma`lumot tarqatildi. Unda keltirilishicha, yakshanbadan dushanbaga o`tar kechasi O`zbekiston hududidan g`arbiy sovuq o`tdi. Ushbu sinoptik vaziyat yurtimiz hududlari bo`ylab yomg`ir va qor ko`rinishidagi yog`ingarchilikka sabab bo`ldi. Mamlakat shimoli va tog`li tumanlarda asosan qor yog`di.
Kavkaz hududidan kirgan antisiklon yurtimiz ustida asta-sekin harakat qilmoqda va bu O`zbekiston shimoliga o`z ta`siri ko`rsatmoqda.
Dushanba tongida Samarqand viloyatining tekislik hududlarida 1-4 sm qalinlikda qor qoplami hosil bo`ldi.
Bugun esa mamlakatimiz bo`ylab yog`ingarchilik ehtimoli saqlanib turadi, faqat Farg`ona vodiysi viloyatlarida yog`ingarchilik bo`lmaydi. Harorat 0-5 daraja iliq atrofida bo`ladi.
21-22 yanvar kunlari sovuq havo oqimi yurtimiz hududlarini qamrab oladi. Ayrim joylarda yog`ingarchilik (yomg`ir, qor) bo`ladi. Tungi harorat 3-5 daraja sovuqqacha, shimoliy hududlarda 8 daraja sovuqqacha pasayadi. Kunduzi 0-5 daraja iliq bo`ladi.
23 yanvarda sovuq antisiklon sharqqa harakatlanadi, O`zbekiston hududining katta qismi Turkmaniston hududidan kirgan nam havo oqimlari ta`sirida bo`ladi. Bunda esa ob-havoning ochiq va quyoshli bo`lishi kutilmoqda. Kunduzgi harorat 7-9 daraja iliqqacha ko`tariladi. Tungi harorat esa yuqorida ko`rsatilgandek saqlanib turadi.
24-25 yanvarda g`arbiy antisiklon kirishi kutilmoqda. Iliq janubiy oqimlarning saqlanib turishi hisobiga mamlakatimiz hududi bo`ylab yomg`ir yog`adi. Tog`li tumanlarda yog`ingarchilik (qor, yomg`ir) bo`ladi. Shu kunlarda havo harorati kechasi 2 daraja sovuq – 3 daraja iliq, kunduzi 2-7 daraja iliq bo`ladi, bu ko`rsatkichlar yilning shu davri uchun xos bo`lgan me`yorlarga yaqindir.






