Qoraqalpog`iston Respublikasining Beruniy, To`rtko`l va Ellikqal`a tumanlarida vatanparvarlikni madh etuvchi konsert dasturlari, qurol va harbiy texnikalar bilan tanishuv, harbiylarning qiziqarli chiqishlari hamda sport o`yinlari bo`lib o`tdi. Bu haqda Shimoli-g`arbiy harbiy okrug matbuot xizmati "Darakchi.uz"ga xabar berdi.
Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonligi tashabbusi bilan o`tkazilgan tadbirlarda minglab qoraqalpoq yoshlari ishtirok etib, sog`lom turmush tarzini odat qilganini, hayotiy pozisiyalari mustahkam ekanligini isbotlashdi.
Vatanparvarlik karvonlarining safari davomida o`tkazilgan “Mardlik va jasorat darslari”da 2019 yilda Xalqaro armiya o`yinlarida munosib ishtirok etib, mamlakatimizga medallar olib kelgan hamda davlat mukofotlariga sazovor bo`lgan harbiy mutaxassislar yoshlarga muvaffaqiyatlarining sirlarini ochib berishdi. Tinimsiz mehnat va vatanga bo`lgan kuchli muhabbat bilan har qanday mashaqqatlarni engib kelishayotgani haqida aytishdi. Jonli muloqot va savol-javobga boy o`tgan tadbirlar davomida harbiy xizmatchilarga qo`yilgan talablar, bugungi kunda milliy armiyamizning jahon va mintaqadagi reytingi, Qurolli Kuchlarimiz qudrati va mamlakatimiz mudofaa salohiyati haqida yoshlarga so`zlab berishdi.
Tadbirlar davomida uchta tumanda ham vatanparvarlik festivallari bo`lib o`tdi. Mingdan ziyod yoshlar ishtirok etgan festivallarda Nukus garnizoni Ma`naviyat va ma`rifat markazi harbiy orkestri tomonidan konsert dasturi, Urganch garnizoni harbiy xizmatchilari hamda Urganch “Temurbeklar maktabi” o`quvchilarining murakkab qo`l jangi elementlari bilan chiqishlari namoyish etildi.
Yoshlar o`rtasida arqon tortish, tosh ko`tarish va harbiylashgan estafeta musobaqalari bo`lib o`tdi. Jamoaviy o`yinlar qizg`in bahs va munozaralar bilan kechdi. Ta`lim muassasasi sha`nini himoya qilgan yoshlar sinfdoshlarining daldasi bilan oxirgi daqiqalargacha g`oliblik uchun kurashdi. Musobaqalar sog`lom raqobat ostida shiddat bilan o`tdi.
Festival doirasida ishtirokchilar uchun harbiy texnika va qurol-aslaha ko`rgazmalari tashkil etildi. Qo`llariga birinchi marta qurol ushlagan yoshlarning hayratlari shu zahoti telefon orqali fotosuratlarga muhrlandi.
G`olib va sovrindorlar Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonligi tomonidan munosib rag`batlantirildi.
Tadbirda O`zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy bo`limi hamda Qoraqalpog`iston Ichki ishlar vazirligi maxsus bo`linmasi ishtirok etdi. Festivaldan ruhlangan o`smirlar Vatanga xizmat qilishga, mamlakatimiz taraqqiyoti yo`lida o`zlarini safarbar etishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Harbiy orkestr jamoasi tomonidan ijro etilgan san`at asarlari yoshlarning qalbini milliy g`urur va iftixorga to`ldirdi.






