“Mon Reve” korxonasi katta miqdordagi oylik maosh berilishini va`da qilgan holda fuqarolarni tikuvchilik korxonasiga ishga chaqirishgan. Reklama yo`lida OAV kuchidan ham samarali foydalanishgan. Fuqarolar reklamalarda va`da qilingan oylik maoshlariga ishonib, ular tomonidan qo`yilgan talablarga ko`ra, ishga kirishdan oldin, tikuvchilikni bilish yoki bilmasligidan qat`iy nazar, 11 mln.721 ming so`m pulni jamiyat tomonidan ochilgan tikuvchilik kursiga to`lashgan...
Biroq hozirda va`da qilingan oylik ko`pchilikka berilmayapti. Turli vaj-karson va talablar qo`yilmoqda.
Keling voqeaga batafsil aniqlik kiritamiz. Xuman.uz internet saytida sal avval “Tadbirkorlikmi yoki navbatdagi “moliyaviy piramida”?!” nomli maqola e`lon qilingan edi. Unda Toshkent shahri, Sirg`ali tumani, Choshtepa dahasida faoliyat olib borayotgan “Mon Reve” MChJ korxonasi faoliyatiga oid ayrim shubhali xatti-harakatlar hikoya qilingandi.
Mazkur korxona katta miqdordagi oylik maosh berilishini va`da qilgan holda fuqarolarni tikuvchilik korxonasiga ishga chaqirgan. Reklama yo`lida OAV kuchidan ham samarali foydalangan. Fuqarolar reklamalarda aytilgan va`dalarga ishonib, qo`yilgan talablarga ko`ra, ishga kirishdan oldin, tikuvchilikni bilish yoki bilmasligidan qat`iy nazar, 11 mln.721 ming so`m pulni jamiyat tomonidan ochilgan tikuvchilik kursiga to`lashgan.
Shu tartibda "Mon Reve" MChJ masul shaxslari tomonidan yuzlab fuqarolar guyoki ishga qabul qilingan, biroq ulardan olingan mablag` hech qanday hujjatlarda aks ettirilmagan. Dastavval, korxona boshliqlari fuqarolarni qiziqtirish maqsadida kursni tamomlagan ayrim fuqarolarga 12 mln. so`m oylik maosh berishgan. Biroq hozirda va`da qilingan oylik ko`pchilikka berilmayapti. Turli bahonalar o`ylab topilmoqda.
Ushbu korxona xiylasiga aldangan fuqaro Sevara Mamatova “Mon Reve” MChJ faoliyatidan shikoyat qiladi. U o`zi kabi yuzlab fuqarolar sarson bo`lyotganini aytadi. S.Mamatova:
“2019 yilda “Mon Reve” MChJ korxonasi haqida singlimdan eshitdim. Ular Jizzax politexnika institutiga borib, ishga taklif etishgan. Singlim ikkalamiz Toshkentga kelib, tashkilot bilan tanishdik va ishga kirmoqchi ekanimizni aytdik. Biroq ular bu erga ishga kirish uchun ikki oylik o`quv kursida o`qish kerakligi va buning uchun 11 million 721 ming so`m to`lash lozimligini aytishdi. Biz esa tikuvchilikni bilamiz, 15 yillik ish stajiga egamiz, o`qishimiz shart emas, dedik. Lekin ular “Yo`q, biz fransuz yo`nalishida faoliyat yuritamiz. Fransiyadan o`qituvchilar jalb qilingan. Ikki yillik mehnat shartnomasi tuzamiz, oylik miqdori 12 million so`m”, deyishdi. Shundan so`ng biz aytilgan summani to`lab, o`qishni boshladik. Shaxsan men 203-bo`lib shartnoma tuzdim ”, deydi Sevara Mamatova.
Murojaatchining aytishicha, mazkur ikki oylik kursda o`quv dasturining o`zi mavjud emas. “Qariyb 12 million so`mlik kursda oddiy listga nina yurgazish, salfetkani qayirishni o`rgatishdi. Hatto 24 millionlik to`lov qilganlar ham bo`ldi. Respublikaning barcha hududlaridan kelishdi. Tahminan 150 kishilik auditoriyaga 400 nafargacha odam joylashardi. Bir dona tikuv mashinasiga 3 odam biriktirilardi”, deydi murojaatchi.
“Shartnomaga ko`ra, biz ikki oy o`qidik. Qo`limizga buni tasdiqlovchi hech qanday hujjat berilmadi. 2019 yilning 17 oktyabr kuni mehnat shartnomasi tuzildi. Shartnoma shartiga ko`ra, ular oradan bir oy o`tib, oylik berishi kerak edi. Biroq turli bahonalar bilan bu dekabrgacha cho`zildi. Dekabrda ikkiga bo`lib, 12 million so`m berishdi. Buni ham ular oylik emas, balki korxonada ishlab chiqarish bo`lmayotgani sababli, moddiy yordam berdik, deyishdi. Keyin esa ta`til berishdi. Umuman olganda barchaga shu prinsip. Pul to`laydi kurs uchun va bu pulni 4-5 oyda xuddi oylik kabi qaytarib beradi. Pul qaytarishi bilan javob berib yuboriladi. Hozir ishni davom ettirishimizni aytsak, ishchilar saranalyapti. Keskin qisqaradi. Ikkita o`quvchi obkelsang, sen bilan shartnomamiz davom etadi, deyishyapti”...
S.Mamatovaning aytishicha, hozir o`quv kursining muddati va to`lov miqdori o`zgargan. Ya`ni o`qish muddati 5 oyga cho`zilgan. To`lov miqdori esa 8 million 700 ming so`m etib belgilangan.
Anglagan bo`lsangiz, mazkur tashkilotning ish yurituvi “moliyaviy piramida”ni eslatadi. Ya`ni kurs uchun deb odamlarning puli olinadi va 4-5 oy davomida undan foydalaniladi. Sarflangan pullar huddiki oylik tarzida “ishchi”ga qaytariladi va shu erda “ishchi”lar bilan o`rtadagi “munosabat” tugaydi. Davom ettirishning yo`li o`zi kabi “ikki ishchi”ni, aniqrog`i sodda tikuvchini korxonaga jalb qilish.
Bu holatga mas`ul tashkilotlar e`tibor qaratishi, faoliyati o`rganilib, huquqiy baho berilishi kerak, deb yoziladi maqolada. Zora, shu bilan yana bir necha yuz hamyurtlarimizning tovlamachilik qurboniga aylanish ehtimolining oldi olinsa...






