Ma`lumotlarga ko`ra, 14 yanvarda birja savdolariga qo`yilgan 1084 tonna shakarning, atigi 134 tonnasi sotilgan. Uni ham bo`lsa, ishlab chiqarish korxonalari xarid qilgan.
– Bunga birinchi sabab narx bo`lsa kerak, – deydi Respublika tovar-xom ashyo birjasi boshqaruv raisining o`rinbosari Islom Ibrogimov. –Hozirda bozorda bir kilogramm shakar 5300-5400 atrofida ulgurji sotilmoqda. Bizda qo`yilayotgan boshlang`ich narx 5350 so`mni tashkil qilmoqda. Unga transport xarajatlari qo`shilsa, narx yana o`zgaradi.
Yurtimizda shakar ishlab chiqaruvchi korxonalar Xorazm va Angrenda joylashgan bo`lib, Angrendagi zavod xaridorlari asosan vodiydan keladi. Ular Sirdaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahriga ham etkazib beradi.
Balki, shakar savdosining yurishmasligiga import bo`lib kelayotgan mahsulot sabab bo`layotgandir. Axir, Rossiyada bu yil lavlagi hosili yaxshi bo`lgani evaziga shakar mo`l bo`lib, Qozog`istondagi shakar ishlab chiqaruvchilarni shoshirib qo`ygani haqida xabarlar mavjud. Sababi Qozog`istondagi yirik shakar zavodlari Rossiyaga eksport bilan shug`ullanadi. Bundan tashqari Ukraina va Belarus ham. Bizni shakar ham ulardan kam emas.
Eng qizig`i, birja orqali 2019 yilning oxirigacha 4500-4950 gacha sotilgan shakar narxi 1 yanvardan 5350 bo`lib qolgani. Agarda 4-5 ming atrofida baholansa talabgorlar ko`p bo`lishi, shubhasiz. Axir, 350 so`m ham ko`p pulga aylanadi ayniqsa, gap tonnalar haqida ketganda. Hozirda bu narxni arzonlashtirish ehtimoli bor-yo`qligi bilan qiziqdik.
– Sotuvchi bozor prinsiplari va talablari asosida baho belgilaydi, – deydi I.Ibrogimov. – Mahsulotini qimmat qilib, omborlarda ushlab o`tirishdan foyda yo`q. Yana bir gap. Hozirga qadar ishlab chiqarilgan shakarning cheklangan ma`lum qismi (ishlab chiqarish hajmining 12,5 – 13,5 foizi) ochiq birja savdolarida realizasiya qilingan bo`lsa, qolgan qismi dillerlik tarmoqlari orqali to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar orqali sotilgan. 1 yanvardan esa shakar birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida sotilmoqda. Bundan esa ko`pchilik tadbirkorlar bexabar bo`lsa kerak. Shuni hisobga olib, shakar sotib olmoqchi bo`lgan barcha ulgurji iste`molchilar va tadbirkorlarga 13 ta mintaqaviy bo`linma va 300 tadan ortiq savdo maydonchalarimiz orqali bog`lanmoqdamiz.
Shu o`rinda 2019 yil yanvar-oktyabr davrida ham shakar bir maromda sotilmaganini kuzatish mumkin. Eng ko`p hajmlarda fevral (8,8 ming tonna) va iyun (5,2 ming tonna) oylarida sotilgan bo`lsa, eng kam hajmda yanvarda (1,6 ming tonna) va martda (3,6 ming tonna) sotilgan. Shakarning savdolarga qo`yilish va sotilish hajmlari may oyidan boshlab barqarorlashgan.






