Qoraqalpog`iston Respublikasida Bolalar sportini rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan 2003-2014 yillarda 150 ga yaqin zamonaviy bolalar sporti inshooti qurilib, foydalanishga topshirildi.
Jumladan, Shumanay tumanida zamonaviy bolalar va o`smirlar sport maktabi barpo etilib, 172 million so`mlikdan ziyod ta`mirlash ishlari amalga oshirildi. Bugungi kunda maktabda 574 o`quvchi, shundan 184 nafar qizlar badiiy gimnastika, milliy kurash, tennis, engil atletika, taekvondo, futbol, basketbol bilan muntazam shug`ullanmoqda. 13 nafar malakali murabbiy ularga sport sirlarini o`rgatmoqda. Bu haqda O`zA xabar qiladi.
Maktab tarbiyalanuvchilari orasida iqtidorli, Qoraqalpog`iston Respublikasi va mamlakatimiz miqyosidagi musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan yoshlar ko`p. Sportning tennis turi bo`yicha Go`zal Seydullaeva, O`rozbek Umrzoqov, Abulqosim Qo`chqorov, stol tennisi bo`yicha Nargiza Bekmuratova, Salamat Taubemuratov, badiiy gimnastika bo`yicha Balxiya Amirova, Xurliman Seytnazarova, Sayyora Tangribergenova kabilar shular jumlasidandir.
Sportning taekvondo turi bo`yicha 2014 yil noyabr oyida o`tkazilgan Qoraqalpog`iston Respublikasi birinchiligida Salamat Shermanov ikkinchi, Mehribon Muratova uchinchi o`rinni qo`lga kiritdi.





