2020 yil 9 yanvar kuni soat 19:20 larda Jondor tumani hududidan o`tuvchi M-37 avtomobil yo`lining 303 km.da, 31 yoshli G.X. va 30 yoshli J.R.lar mast holatda Turkiya Respublikasi fuqarosi 63 yoshli M.D.ning boshqaruvida bo`lgan Turkiya davlat raqam belgili “Mercedes-Benz” rusumli yuk avtomashinasiga hech bir sababsiz toshlar otib uni to`xtatib, haydovchi M.D.ni urib-do`pposlab, tan jarohati etkazishgan.
Fuqaro M.D.,ga olgan tan jarohati yuzasidan birinchi tibbiy yordam ko`rsatilgan.
Hodisa sodir bo`lgan joydan qonga o`xshash dog`lar olingan va tegishli ekspertizalar tayinlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jondor tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan G.X. va J.R.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b,d” bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan qariyaga nisbatan sodir etilgan bezorilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan, ular jinoyat ishi bo`yicha gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, prosessual tartibda ushlanganlar.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda, deya xabar beradi O`zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.






