AsosiySport

Hamyurtimiz Misha Ge to`rt qit`a chempionatida ishtirok etadi

2015 yilning 10-15 fevral kunlari Janubiy Koreyaning Seul shahrida figurali uchish bo`yicha to`rt qit`a (Osiyo, Afrika, Amerika, Avstraliya) chempionati o`tkaziladi. Bu haqda O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi matbuot xizmati xabar bergan.

1999 yildan buyon an`anaviy tarzda o`tkazib kelinayotgan mazkur nufuzli musobaqada erkaklar va xotin-qizlar yakkalik, juftlik va muz ustidagi raqs bo`yicha bo`lib o`tadigan bahslarda o`z mahoratlarini namoyish etadilar. 

To`rt qit`a chempionatining bu yilgi bahslarida Vatanimiz sharafini tajribali sportchimiz Misha Ge himoya qiladi. Yildan-yilga tajriba va mahoratini toblab borayotgan Misha Ge 2015 yilgi mavsumni ham ko`tarinki kayfiyatda boshlab, shaxsiy ko`rsatkichlarini yanada yuksaltirishni maqsad qilgan. 

Misha Ge to`rt qit`a chempionatidan so`ng joriy yilning 23-29 mart kunlari Shanxay shahri (Xitoy)da o`tkaziladigan jahon chempionati bahslariga tayyorgarlik ko`radi. 

Eslatib o`tamiz, to`rt qit`a chempionati tarixida o`zbekistonlik sportchilar orasida eng yuqori natija Tatyana Malininaga tegishli. 1998 yili Nagano olimpiadasida 8-o`rinni band etgan Tatyana Malinina 1999 yili ilk bor tashkil etilgan to`rt qit`a chempionatida oltin medalga sazovor bo`lgan va uning nomi mazkur nufuzli musobaqaning xotin-qizlar o`rtasidagi yakkalik bahslarning birinchi g`olibasi sifatida chempionat tarixi sahifalariga muxrlangan.

 

    Boshqa yangiliklar