Sal avval xabar qilganimizdek, kecha, 2 yanvar kuni Internet nashrlarida “Qashqadaryo hokimi dalani payhon qilgan qo`ylarni so`yishni buyurdi” sarlavhasi ostida videolavha chop etilgan.
Mazkur videolavhada viloyat qishloq xo`jaligi inspeksiyasi boshlig`i Akrom Aripov, Nishon tumani IIB boshlig`i Dilshod Umarov, Ibn Sino hududidagi “Otamurod ota” fermer xo`jaligi rahbari Sherzod Bobonazarov hamda dalani payhon qilgan 21 bosh qo`y egasi Abdurashid Azamatov ishtirokida viloyat hokimi topshirig`iga ko`ra, g`alla maydonini payxon qilingani uchun fermer xo`jaligi rahbari va payhon qilgan qo`y egasiga tegishli 1 tadan (jami 2 bosh) qo`yni so`yib, kam ta`minlangan oilalarga tarqatilishi holati aks ettirilgan. Ushbu holat bo`yicha Qashqadaryo viloyati Prokuraturasining rasmiy bayonoti e`lon qilindi.
Unga ko`ra, mazkur holat Nishon tumani prokuraturasining “Shakl-1” kitobiga ro`yxatga olinib, tegishli tartibda xizmat tekshiruvi tayinlangan bo`lib, tarqatilgan vediolavhaning haqqoniyligi, qachon, qaerda va qanday holatlarda yuz berganligi hamda boshqa holatlar o`rganilmoqda.
O`rganish natijalari har tomonlama qonun doirasida ko`rib chiqilib, qonuniy qaror qabul qilinishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.






