AsosiyJamiyat

IIV Malaka oshirish instituti: yil yakunlari va rejalar

'IIV Malaka oshirish instituti: yil yakunlari va rejalar'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 avgustdagi «Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida»gi PQ–3919-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan bo`lib, vazirlikning mustaqil ta`lim muassasasi hisoblanadi.

Ayni paytda, Institutda Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Jinoyatchilikka qarshi kurash, Jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta`minlash, Axborot-texnologiyalari kafedralari samarali faoliyat ko`rsatmoqda. 

Bugungi kunda Institut o`z faoliyatini O`zbekiston Respublikasining 
«Ichki ishlar organlari to`g`risida»gi, «Ta`lim to`g`risida»gi qonunlariga, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 dekabrdagi PQ-4075-son Qarori, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari va Qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari, vazirlikning me`yoriy hujjatlari asosida olib bormoqda.

O`quv jarayoni «Modul tizimi»ga asoslangan bo`lib, innovasion pedagogik texnologiyalar, interfaol metodlar va zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng qo`llagan holda masofaviy (virtual) ta`lim tizimi tashkil etilmoqda. 

O`tib borayotgan 2019 yil mobaynida mobaynida Institut professor-o`qituvchilari tomonidan ichki ishlar organlari tuzilmalarining faoliyat yo`nalishlaridan kelib chiqib, innovasion o`qitishni amalga oshirishni nazarda tutuvchi 17 ta blok-modulli o`quv dasturi ishlab chiqilib, Vazirlikning sohaviy xizmatlari bilan kelishilgan holda tizim xodimlarining malakasini oshirish bo`yicha o`quv jarayoniga tadbiq etildi. Shuningdek, ishlab chiqilgan o`quv dasturlari asosida 200 ga yaqin mavzular bo`yicha o`quv-metodik materiallar (ma`ruza tezislari, taqdimotlar) tayyorlandi. 

Joriy yilda Institut professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda 90 ta sayyor o`quv yig`inlari o`tkazildi va ularda 11 mingdan ortiq ichki ishlar organlari ofiser xodimlarining hamda 9 mingga yaqin profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo`yicha yordamchilarining malakasini oshirish bo`yicha o`quv mashg`ulotlari o`tkazildi. 

Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirining 2019 yil 24 iyundagi buyrug`i bilan tasdiqlangan «Ichki ishlar vazirligi tizimida 2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturini amalga oshirish bo`yicha Chora-tadbirlar rejasi» ijrosini ta`minlash maqsadida Institut tomonidan ichki ishlar organlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda chora-tadbirlarni amalga oshirishga mas`ul bo`lgan xodimlarning bilim va kasbiy mahoratini oshirish bo`yicha trening kurslari o`tkazildi.

Shuningdek, Institut tashabbusi bilan joylarda o`tkazilgan sayyor o`quv yig`inlari doirasida xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo`yicha inspektorlar uchun ham xotin-qizlar o`rtasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan alohida seminar-treninglar tashkillashtirildi.

O`quv mashg`ulotlarining muammoli ma`ruza, «blis so`rov», «davra suhbati», «keys stadi» kabi innovasion pedagogik uslublaridan hamda prezentasiya va multimedia vositalaridan foydalangan holda o`tkazilishi ta`minlandi. 

Bundan tashqari, «O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti xodimlari uchun ta`lim jarayonini tashkil etish va yuritish bilan bog`liq me`yoriy hujjatlarni ishlab chiqish bo`yicha treninglar, master-klasslar tashkil etish rejasi» tayyorlangan bo`lib, ushbu Reja asosida respublikamizdagi turdosh ta`lim muassasalarida Institutning barcha professor-o`qituvchilarining kasbiy va pedagogik mahoratlarini oshirishlari tashkillashtirildi. 

XALQ IChIGA KIRIB BORISh VA AHOLI BILAN MULOQOT O`RNATISh

INSTITUT JAMOASINING USTUVOR MAQSADLARIDAN BIRIGA AYLANDI 

Aholining tinch va osoyishta hayotini ta`minlash, jamiyatda jinoyatchilikka qarshi kurashish immunitetini shakllantirish, xavfsizlikka tahdidlarni «o`ziniki va o`zgalarniki» deb ajratish tuyg`usidan voz kechish, huquqbuzarliklarni sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni o`z vaqtida bartaraf etish, «Xavfsiz hudud», «Xavfsiz mahalla», «Xavfsiz xonadon» kabi loyihalarni ijtimoiy hayotga tadbiq etish kabi muhim vazifalarni amalga oshirishda natijadorlikka erishish ko`p jihatdan xalq bilan samarali muloqotni o`rnatishga bog`liq.

Ushbu ustuvor vazifalarning dolzarb ahamiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, Institut professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda o`tkazilgan sayyor o`quv yig`inlari doirasida mahallalarda huquqiy targ`ibot tadbirlarini va ma`naviy-ma`rifiy uchrashuvlar o`tkazishga alohida e`tibor qaratildi.

Jumladan, o`tgan 2019 yilda 100 ga yaqin mahallalarda «Mening mahallamda jinoyat sodir bo`lmasligi kerak», «Mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish – tinchlik va osoyishtalikni ta`minlashning muhim sharti», «Jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashamiz», «Osoyishtalik uchun barchamiz mas`ulmiz», «Mahallalarda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishda jamoatchilikning roli», «Oilalar tinchligi – barqarorlik omili» kabi mavzularida jami 280 dan ziyod targ`ibot tadbirlari o`tkazildi.

Mazkur tadbirlarda aholining mahalliy ahamiyatga molik dolzarb muammolarini eshitishga hamda ularni hududiy ichki ishlar organlari hamda boshqa mas`ul davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda bartaraf etishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Ayni paytda, Institut professor-o`qituvchilari tomonidan 50 dan ortiq umumta`lim maktablari va akademik liseylar o`quvchilari uchun vatanparvarlik, adolatlilik, odillik, halollik, sadoqatlilik, so`z va amal birligi, xalqqa xizmat qilish kabi ezgu tushunchalar hamda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishning mazmun-mohiyati va ahamiyati tushuntirib berish bo`yicha «Tinchlik va osoyishtalikni saqlashda yoshlar mas`uliyati», «Yoshlar o`rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi», «Konstitusiyamiz – barchamiz uchun hayot, taraqqiyot va adolat qomusidir»«Konstitusiya – mamlakatimiz taraqqiyoti va jamiyat farovonligining huquqiy kafolatidir»kabi mavzularda ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar va viktorinalaro`tkazildi.

Darhaqiqat, ulug` muttafakkir shoirimiz Abdulla Avloniy ham barkamollikning asosini tarbiyada deb bilib, «Tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur», degan edi. Zero, har bir yoshning ertangi kuni bugundan boshlanadi. 

Shuningdek, Institut professor-o`qituvchilari tomonidan mahallalarda istiqomat qilayotgan 200 ga yaqin kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar, yakka yolg`iz keksa avlod vakillari hamda ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar mobaynida samarali mehnat qilgan va bugungi kunda nafaqada bo`lgan faxriylarning holidan xabar olindi. 

Zero, ushbu oilalar va fuqarolarning holidan xabar olish, ular bilan hamsuhbat bo`lish, qalbiga quloq solish, dardini bilish, muammolarini echish uchun amaliy ko`mak berish savobli ishdir. 

Xalqimizga xos bunday ezgu qadriyatlar va savobli ishlarni qilgan insonga esa ruhan engillik baxsh etadi.

Respublikamizdagi va xorijiy davlatlardagi turdosh ta`lim muassasalari 
bilan o`zaro hamkorlikni rivojlantirish yo`lida

Institut zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosini samarali ta`minlash maqsadida 20 dan ortiq tashkilot va muassasalar (turdosh ta`lim muassasalari, yuridik ta`limga ixtisoslashgan oliy o`quv yurtlari, xorijiy turdosh ta`lim muassasalari), 
shu jumladan Ichki ishlar vazirligining sohaviy xizmatlari bilan o`zaro manfaatli hamkorlikni yo`lga qo`yish bo`yicha memorandumlar ishlab chiqilib, tartibda rasmiylashtirildi.

Institutning xorijiy turdosh ta`lim muassasalari bilan kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo`yicha tajriba almashish, hamkorlikdagi ta`lim dasturlarini joriy etish, professor-o`qituvchilarning malakasini oshirish va stajirovkadan o`tkazish orqali xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Vazirlik Xalqaro hamkorlik boshqarmasi bilan birgalikda Yaponiyaning JICA, Janubiy Koreyaning KOICA, Turkiyaning TIKA kabi xalqaro hamkorlik va muvofiqlashtirish agentliklarining vakolatxonalari hamda Xitoy, Italiya, Qozog`iston kabi davlatlarning O`zbekistondagi elchixonalari (konsulliklari) bilan o`zaro hamkorlikni yo`lga qo`yish bo`yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi. 

Bundan tashqari, o`tgan 2019 yilda yilda Institut professor-o`qituvchilarining 
2 nafari Xitoy, 2 nafari Rossiya, 1 nafari Italiya davlatining turdosh ta`lim muassasalarida tashkil etilgan o`quv kurslarida malaka oshirdilar.

Istiqboldagi rejalar

Soha yo`nalishlari bo`yicha amaliy-uslubiy qo`llanmalar yaratish, ilg`or axborot texnologiyalaridan foydalanish ko`nikmalarini rivojlantirish, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish hamda ularni sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni o`z vaqtida bartaraf etishga qaratilgan ilmiy yondashuvlarni joriy etish ta`lim muassasasi jamoasi oldida turgan muhim vazifalardandir.

Ayni paytda, shiddat bilan rivojlanib borayotgan davr talablari ichki ishlar organlari xodimlarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirib borish, ularni qabul qilinayotgan qonun hujjatlaridan xabardorlik darajasini oshirish, ular tomonidan yangi normativ-huquqiy hujjatlarni amalda qo`llash eng muhim vazifalardan hisoblanadi.

 

    Boshqa yangiliklar