Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotlariga ko`ra, xavfsiz ovqatlanishning 5 ta, sog`lom ovqatlanishning 12 ta prinsipi bor. Ammo bu prinsiplarni bog`chalar, maktablar, oshxonalarda ishlayotgan mutaxassislarimiz, oshpazlarimiz bilishadimi? Shunday savol bilan Senat Raisi Tanzila Narbaeva 24 dekabr kuni bo`lib o`tgan Senat Kengashining majlisida mutassadilarga murojaat qildi.
Jumladan, Senat Raisi shunday dedi:
“Bog`cha va maktabda ishlayotgan tarbiyachi-yu o`qituvchilar sog`lom va xavfsiz ovqatlanish qoidalarini biladimi yoki yo`qmi? degan savolga to`liq javob topolmaymiz. Chunki bu masalada ularga hech nima maqsadli ravishda o`rgatilmagan. Ularda bilim va ko`nikma yo`q, o`zi bilmagandan keyin qanday qilib boshqalarga o`rgatsin?
Ta`lim muassasalarida tibbiyot xodimlari faoliyat yuritadimi? Faoliyat yuritsa ham ular ovqatlanish sifatini tekshiradimi? Umuman, vazirlik, idora va tashkilotlarda ovqatlanish shaxobchalarida zaharlanishning oldini oladigan, ovqat sifatini nazorat qiladigan xodim-mutaxassislar bormi, yo`qmi? Bu savollarga afsuski, rad javobini beramiz. Ularni ayblamoqchi emasman, chunki ularga bilish kerak degan talabning o`zi qo`yilmagan.Savollar ko`p, ammo javoblar yo`q. Ehtimol, sog`lom ovqatlanish bo`yicha qonunlar qabul qilish kerakdir. Bu borada yaxli tizim ishlasa, maqsadga muvofiq bo`ladi”.
Ta`kidlanishicha, Vazirlar Mahkamasiga 2020 yilning 1 fevraliga qadar “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish, 2020 yilning 1 apreliga qadar Maktabgacha ta`lim va umumiy o`rta ta`lim tizimida sog`lom ovqatlantirishni tashkil etish tizimini yanada takomillashtirishga doir kompleks tadbirlar dasturi loyihasini ishlab chiqish topshirig`i berilgan.






