AsosiyJamiyat

Mehmonxona qurdirgan tadbirkorga ilk 4 mlrd so`mlik sertifikat topshirildi

'Mehmonxona qurdirgan tadbirkorga ilk 4 mlrd so`mlik sertifikat topshirildi'ning rasmi

Mehmonxona qurdirgan tadbirkorga davlat tomonidan 4 080 000 000 so`mlik sertifikat topshirildi. Sertifikat O`zbekiston Prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi “Turizm tarmog`ini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to`g`risida”gi 4095-sonli Qaroriga muvofiq xarajatlarni qoplash uchun topshirilgan. 

Sertifikat 21 dekabr kuni “Amirsoy” tog`-chang`i kurortining tantanali ochilish marosimi doirasida Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov tomonidan Samarqanddagi “Grand Hotel Sogdiana” mehmonxonasi egasiga topshirildi. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 maydagi “Mehmonxona xo`jaligi faoliyatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 433-sonli Qaroriga binoan investorlarga yangi qurilgan mehmonxona “3 yulduz” toifasiga va 50 xonadan kam bo`lmagan xonalar fondiga ega yoki “4 yulduz” toifasiga va 100 xonadan kam bo`lmagan xonalar fondiga ega bo`lganda Davlat byudjetidan subsidiya ajratiladi.

Bunda yangi qurilgan mehmonxona 2022 yilning 1 yanvariga qadar foydalanishga topshirilishi lozim. Investorlarga subsidiya 1 marotaba ajratilib, uning miqdori kelgusi yil uchun Davlat byudjeti parametrlarini tasdiqlash jarayonida ushbu miqdorni har yili indeksasiya qilgan holda: - “3 yulduz” toifasiga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 40 million so`mni; - “4 yulduz” toifasiga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 65 million so`mni tashkil etadi.

Ta`kidlash lozimki, 2019 yilning 13 noyabrida “Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi” DUK qarori bilan “Grand Hotel Sogdiana” mehmonxonasiga “3 yulduz” toifasi berildi.

Mehmonxonani sertifikatlashtirish jarayonida “Katta to`rtlik”ka kiruvchi hamda auditorlik, soliq va konsultasiya xizmatlarini taqdim etuvchi “KPMG” xalqaro kompaniyasi vakillari ham ishtirok etishgan. “Grand Hotel Sogdiana” mehmonxonasi “Dobusiya Samarqand Aqualand” MChJga tegishli bo`lib, u erda 204 nafar tashrif buyuruvchini qabul qilishga mo`ljallangan 102 nomer mavjud.

Mehmonxona qurilishi 2017 yilning avgustda boshlangan. 2019 yil sentyabrda esa ob`ekt foydalanishga topshirilgan. Mehmonxonada 35 dan ortiq yangi ish o`rni yaratildi. Mehmonxonada joylashtirishdan tashqari quyidagi qo`shimcha xizmatlar taqdim etiladi: - Basseyn (yopiq turdagi); - Sog`lomlashtirish markazi; - Biznes markazi; - Spa-markaz (fin, turk); - Ochiq akvapark; - Velosiped ijarasi; - 150 o`rinli konferens-zal.  

    Boshqa yangiliklar