AsosiyJamiyat

Kosonda o`z nomzodini qaytarib olishga majburlanganligi va poytaxtda hokimlikning saylovga aralashganligi bo`yicha tekshiruv boshlandi

'Kosonda o`z nomzodini qaytarib olishga majburlanganligi va poytaxtda hokimlikning saylovga aralashganligi bo`yicha tekshiruv boshlandi'ning rasmi

Xabaringiz bor, kuni kecha yurtimizda muhim siyosiy jarayon — deputatlik saylovi bo`lib o`tdi. Kun davomida saylov uchastkalaridagi mavjud vaziyatlar va kutilmagan holatlar bo`yicha axborotlar berib borildi. 

Xususan, Qashqadaryo viloyati Koson tumanida deputatlikka nomzodlardan majburan ariza yozdirib olinayotgani bo`yicha xabar tarqaldi.

Shuningdek, bloger Xushnud Xudoyberdiev ijtimoiy tarmoqdagi kanali orqali Yashnobod tumani hokimligining saylovga aralashayotganlik holati aks etgan fotofaktlarni e`lon qildi.

Bosh prokuratura mazkur xabarlarda aks etgan holatlar bo`yicha tekshiruv boshlanganini ma`lum qildi.

“2019 yilning 22 dekabr, ya`ni parlament Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlariga o`tkazilgan saylovlar kuni Internet tarmog`ida ayrim hududlarda saylovlar o`tkazilishida qonun buzilish holatlari sodir etilayotganligi haqida ma`lumotlar e`lon qilindi.

Xususan, Qashqadaryo viloyati Koson tumani xalq deputatlari Kengashi deputatligiga nomzodi ko`rsatilgan shaxslarni o`z nomzodlarini qaytarib olishga majburlash, Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 10, 23 va 142-sonli saylov uchastkalari ishiga noqonuniy aralashish hamda okrug va uchastka saylov komissiyalariga Toshkent shahri Yashnobod tumanida ovozlarni sanab chiqish bo`yicha yakuniy bayonnoma nusxasini to`ldirish va bayonnoma nusxalarini hech kimga tarqatmaslik yuzasidan g`ayriqonuniy ko`rsatma berilishi bilan bog`liq ma`lumotlar tarmoq orqali tarqatilib, keng jamoatchilik orasida muhokamaga sabab bo`ldi.

Markaziy saylov komissiyasidan yuqorida keltirilgan ma`lumotlar tegishli tartibda ko`rib chiqish uchun Bosh prokuraturaga taqdim etildi.

Shu munosabat bilan, tajribali prokuror-tergov xodimlaridan iborat maxsus guruhlar shakllantirilib, mazkur xabarlarning har biri sinchkovlik bilan har tomonlama o`rganilmoqda.

Bu borada Markaziy saylov komissiyasi bilan yaqindan hamkorlik o`rnatilib, tezkor ma`lumotlar almashinuvi yo`lga qo`yilgan.

Tekshirishlar natijasiga ko`ra xabar beriladi”, — deyilmoqda rasmiy bayonotda.

    Boshqa yangiliklar