EXHT Parlamentlararo Assambleyasi (PA) prezidenti Georgiy Sereteli bugun Toshkent shahridagi 882-saylov uchastkasiga tashrif buyurdi.
Tashrif chog`ida Sereteli ommaviy axborot vositalariga intervyu berar ekan, Oliy Majlis qonunchilik palatasiga saylovlarni kuzatish uchun O`zbekistonga ilk bor kelganini, bugungi saylovlar mamlakatimiz uchun o`ziga xos imtihon ekanini ta`kidladi.
— Saylov jarayonida qonuniylikni, har bir fuqaroga haqiqiy, erkin va tushungan holda ovoz berishini ta`minlash, juda muhim, - deydi Georgiy Sereteli. — Men xalqingizning katta umid bilan saylovda qatnashayotganini sezdim. Bu yangi parlament uchun juda katta mas`uliyatdir. Partiyalar rahbarlari bilan uchrashganimizda ularning hammasida saylovoldi dasturlari puxta ekanini bildim. Eng asosiysi, ular o`z tashabbuslarini qay tarzda amalga oshirishi. Siyosiy partiyalar parlamentga aynan o`z va`dalarini bajarish uchun kirib borishlari kerak.
PA kuzatuvchisi bo`yicha o`zining yakuniy xulosasida O`zbekistondagi saylovga siyosiy baho berilishi bilan birga, saylovlarning qonuniy asoslari, ovoz berish jarayonlari va boshqa holatlarning qonuniy asosi ham tahlil qilinishini ma`lum qildi.
“Biz bugungi bo`lib o`tayotgan voqea o`zbek xalqi hayotida ijobiy aks etishini istaymiz. Saylov shuning uchun ham o`tkazilyapti”, deya qo`shimcha qildi Sereteli.
Eslatib o`tamiz, EXHT Parlamentlararo Assambleyasi yurtimizdagi saylovda birinchi marta ishtirok etmoqda. Delegasiya tarkibida Assambleyaning 50ga yaqin vakillari bor, shu jumladan, tashkilotning ishtirokchi mamlakatoari parlamenti a`zolari ham kelgan.
Avvalroq, EXHT Parlament Assambleyasi delegasiyasi O`zbekiston Oliy Majlis Senatida ham bo`lib, Senat Raisi T.Narbaeva bilan uchrashgan edi.






