Joriy yilning 23 noyabr kuni Beshariq tumanida tungi xizmatni o`tayotgan profilaktika inspektori shubhali tuyulgan “Neksiya-1” rusumli avtomashinani to`xtatadi. Haydovchi o`zini Beshariq tumani Pastki Yangiqo`rg`on qishlog`ida yashovchi, fuqaro K.N deb tanishtirdi. Lekin ushbu fuqarodan spirtli ichimlik hidi kelayotganligi sababli, profilaktika inspektori mastlik holati mavjudligini tekshirib ko`rish maqsadida Beshariq tuman markaziy shifoxonasiga olib borgan. Tibbiy xulosa fuqaroning spirtli ichimlikdan mast ekanligini tasdiqlagan.
Profilaktika inspektori fuqaro K.Nga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, avtomashinani tuman IIB jarima maydoniga olib borgan.
24 noyabr kuni fuqaro K.N profilaktika inspektoriga qo`ng`iroq qilib, to`plangan hujjatlarni qonuniy hal qilmasligi va avtomashinasini IIB jarima maydonidan chiqarib yuborishi evaziga 100 (yuz) AQSh dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida taklif qilgan.
Profilaktika inspektorining bildirgisi asosida, tuman prokuraturasi, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning tuman bo`limi va viloyat IIB xodimlari ishtirokida shu kuni soat 15:00larda fuqaro K.N profilaktika inspektoriga 100 (yuz) AQSh dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida berayotgan vaqtida tezkor tadbir davomida qo`lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Beshariq tuman prokuraturasi mutaxassisi Mirzaaxror Hasanov Darakchiga xabar berdi. Uning qayd etishicha ushbu ish bo`yicha tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Beshariq tuman sudining 2019 yil 18 dekabrdagi hukmiga asosan K.N Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismiga asosan aybdor deb, topilib unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo`llanilgan va 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.






