AsosiyJamiyat

Voyaga etmagan bolalar va ota-onalarni ta`minlashdan bo`yin tovlaganlik uchun qanday turdagi javobgarlik mavjud?

'Voyaga etmagan bolalar va ota-onalarni ta`minlashdan bo`yin tovlaganlik uchun qanday turdagi javobgarlik mavjud?'ning rasmi

Ma`lumki, farzand tarbiyasi har bir ota-ona, qolaversa, jamiyat zimmasidagi o`ta sharafli va ayni paytda mas`uliyatli vazifalardan biri sanaladi. Lekin hayotda o`z farzandini tarbiyalash va ta`minlashdan bosh tortuvchi ota-onalar ham uchrab turadi, yoki aksincha mehnatga layoqatsiz va moddiy yordamga muhtoj bo`lgan ota-onani g`amxo`rlik qilmaydigan farzandlar ham uchraydi. Voyaga etmagan farzand qachon imkoni bo`lsa, “otam yoki onam aliment to`lasa, keyin eb-ichaman”, deb kutib turolmaydi. Shuningdek, o`z vaqtida moddiy ta`minlash bolaning sog`lom voya­ga etishida muhim omil hisoblanadi...

Shuning uchun ota yoki ona farzandini moddiy ta`minlashdan bosh tortsa, manfaatdor to­mon aliment undirish haqida o`z vaqtida sudga murojaat qilishi lozim. O`z navbatida, buning uchun tegishli qonun talablarini va o`rnatilgan tartibni bilish taqozo etiladi.

Bu haqda to`liq ma`lumot olish uchun Jinoyat ishlari bo`yicha Uychi tuman sudining raisi Jamshidbek Mamurovga murojaat qildik.    

— Oila kodeksining 14-bobida ota-ona hamda bolalarning aliment huquqi va majburiyatlari mustahkamlanganini ta`kidlash zarur. Ushbu kodeksning 96-moddasiga ko`ra, ota-ona voyaga etmagan bolalariga ta`minot berishi shart. Voyaga etmagan bolalariga ta`minot berish majbu­riya­tini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota yoki onadan aliment sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buy­rug`iga asosan undiriladi.

Voyaga etmagan bolalarga aliment to`lash haqida ota-ona o`rtasida kelishuv bo`lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to`lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to`g`risida sudga da`vo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari voyaga etmagan bolaning ta`minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to`g`risida da`vo qo`zg`atishga haqlidir.

Oila kodeksining 97-moddasida voyaga etmagan bolalariga hamda voya­ga etgan, mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta`minot berishda ota-ona majburiyatlarining tengligi belgilangan. Qonun talabiga ko`ra, ota-ona voyaga etmagan bolalariga ta`minot berish uchun aliment to`lash tartibini o`zaro kelishgan holda belgilashga haqlidirlar.

Voyaga etmagan bolalariga ta`minot berish uchun aliment to`lash tartibi va shakli haqida ota-ona o`rtasidagi kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlariga zid bo`lmasligi kerak.

— Qonun talabiga binoan, agar voyaga etmagan bolalariga ta`minot berish haqida ota-ona o`rtasida kelishuv bo`lmasa-chi?

— Ularning ta`minoti uchun sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining:

  • 1 bola uchun — to`rtdan bir qis­mi;
  • 2 bola uchun — uchdan bir qis­mi;
  • 3 va undan ortiq bola uchun - yarmisi miqdorida aliment undiriladi.

Bundan tashqari Oila kodeksning qator normalarida aliment qat`iy summada belgilanishi nazarda tutilgan. Masalan, ota-onaning voyaga etgan bolalariga aliment to`lashi, aliment to`lashi shart bo`lgan ota-onaning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi doimo bir xilda bo`lmay, o`zgarib tursa yoxud daromadining bir qismini natura tarzida oladigan bo`lsa, voyaga etgan, mehnatga layoqatli bolalarning ota-onasiga ta`minot berishi holatlari shu jumlaga kiradi.

Oila kodeksining 144-moddasi 2-qismiga muvofiq, qat`iy summada undirilayotgan alimentlarni indeksasiya qilish maqsadida alimentning miqdori sud tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining muayyan qismiga mos ravishda pul bilan to`lanadigan qat`iy summada belgilanadi.

Sud alimentni qat`iy summada undirish haqida qaror qabul qilar ekan, hal qiluv qarorining xulosa qismida shu summa muayyan miqdorda emas, balki eng kam oylik ish haqi­ning muayyan qismiga mos ravishda undirilishini ko`rsatishi lozim.

Oila kodeksining 136-moddasiga muvofiq, ali­ment sudga murojaat etil­gan paytdan boshlab un­diriladi.

Agar ta`minot uchun mablag` olish choralari sudga murojaat qilingunga qadar ko`rilganligi, ammo aliment to`lashi shart bo`lgan shaxsning uni to`lashdan bosh tortgani oqibatida aliment olinmaganligi sud tomonidan aniqlansa, o`tgan davr uchun aliment sudga murojaat etilgan payt­dan boshlab uch yillik muddat doira­sida undirib olinishi mumkin.

Sud hal qiluv qarorining xulosa qis­mida aliment qaysi sanadan undirilishi ko`rsatilishi shart.

Qonun talabi bo`yicha, voyaga etmagan bolalar huquqini o`z vaqtida hi­moya qilish maqsadida aliment undirish to`g`risidagi sud buyrug`i yoki hal qiluv qarorlari darhol ij­roga qaratiladi.

Amaldagi fuqarolik prosessual qonunchilik talabiga ko`ra, qonuniy nikohdan tug`ilgan voyaga etmagan farzand ta`minoti uchun aliment undirish haqidagi talab soddalashtirilgan tartibda, ariza beruvchi va javobgarni chaqirmasdan, sud buyrug`i chiqarish orqali 3 kunlik muddatda ko`­rib chiqiladi.

Bunda arizaga nikoh guvoxnomasi yoki nikoxdan ajrashganlik haqidagi guvohnoma, farzand tug`ilganligi haqidagi guvohnoma nusxalari, shuningdek, yashash va agar javobgarning ish joyi aniq bo`lsa, ish haqi to`g`risida ma`lumotnoma ilova qilinishi kifoya.

Endilikda voyaga etmagan bolalar ta`minoti bo`yicha aliment undirish uchun arizalarni internet tarmog`i orqali fuqarolik ishlari bo`yicha tegishli sudlarga elektron ravishda yuborish imkoniyati mavjud.

O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasi voyaga etmagan bolalarning, 123-moddasi esa mehnatga layoqatsiz va moddiy yordamga muhtoj bo`lgan ota-onani yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslarni qonuniy huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. Jumladan, voyaga etmagan yoki mehnatga layoqatsiz bolalarni, shuningdek, ota-onalarni ta`minlash uchun alimentlar to`lashdan bo`yin tovlash muddatlari mamlakatimizdagi sud-huquq islohotlari natijasida qisqartirilmoqda. Bu muddat tugagach, avval shaxs ma`muriy, shunda ham shaxs to`lovni amalga oshirmagach jinoiy javobgarlikka tortiladi. 

 

Sadoqat Allaberganova

    Boshqa yangiliklar