Oliy sud esa mas`uliyatsiz tomoshabinlikka qachon chek qo`yadi?
Tahririyatimizga navbatdagi murojaat Qarshi shahar hokimligi (aniqrog`i shaharning sobiq hokimi J. Fozilov) hokimlikning huquqshunosi Sh. Buxorov) ustidan kelib tushdi. Murojaat esa Qarshi shahri O`zbekiston ko`chasi 295-uy, 11-xonadonda yashovchi bir oila nomidan. Qarshi shahar hokimligi vakillari, viloyat hokimligi hamda Oliy sud vakillari 8 yildirki, bir oilaning sarson-sargardon bo`lib yurishiga sabab bo`lishmoqda.
Yana “snos”, yana Qashqadaryo
Masala mohiyati, murojaat mazmuni uy-joy bilan bog`liq og`riqli nuqta. “Snos” bilan bog`liq muammolar esa Qashqadaryoni ijtimoiy tarmoqlar orqali “anchayin mashhur qildi”. Ana shundaylardan biri Yakkabog`dagi mashhur “snos” mashmashasi. Quyida Qashqadaryoning yana bir “echimi topilmas” va mutasaddilar tomonidan atayin chalkashlikka olib borilgan muammosini e`tiboringizga havola qilamiz.
***
2010 yilda shaharsozlik talablariga mos kelmaganligi uchun Qarshi shahrini obodonlashtirish maqsadida shahar hokimligining ogohlantirish xati orqali buzilishga tushgan xo`jalik 44 ta edi. Shahar hokimi J.Fozilovning “say`-harakatlari” va astoydil berilgan ammo, shu kunga qadar bajarilmagan “quruq va`da”si tufayli qishning qahraton kuniga qaramay shuncha oila uylarini tashlab chiqib ketishgan. Uylar esa Vazirlar Mahkamasining 29.05.2006 yildagi 97-sonli qaroriga ko`ra, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun Qarshi shahri O`zbekiston ko`chasida istiqomat qiluvchi ko`plab fuqarolar va yuridik shaxslarga etkazilgan moddiy va ma`naviy zararlarni qoplash tartibi to`g`risida Nizom ishlab chiqilgan va amalga tadbiq etilgan. Xuddi shu kafolat xatida murojaatchi Jongul Meylievaning oilasiga ham korxona tomonidan qurilayotgan 3 xonali 1 ta xonadon ajratish to`g`risida keltirib o`tilgan. Lekin, eng achinarlisi, bu so`zlar xuddi “havoga uchgan”dek, yolg`on bo`lib chiqqani barchani aqlini shoshirib qo`ydi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 22-noyabrdagi 06-06/1-488-sonli bayoniga muvofiq yirik sanoat korxonalari tomonidan kafillik shartnomalari berilgan buzilishga tushgan 44 ta xonadon egalariga kompensasiya sifatida uy-joy ajratish masalasini “O`zsanoatqurilishbank” ATB (10 dona), “Ipoteka bank” ATB (10 dona) va “Asaka bank” (10 dona) qurilayotgan uylarning tannarxiga kiritish orqali hal etilishi belgilangan.
“Uchar quruvchi”ning nog`orasiga o`ynaganlar
Aslida yuqorida ko`rsatilgan bayonga asosan viloyat hokimining 2014 yil 26-avgustdagi B-02-268-sonli yig`ilish bayonining 2-ilovasida Qarshi shahar hokimligi hisobiga uy-joy ajratilishi belgilangan uylar ro`yxatida Jangil Meylieva nomiga 1 ta 3 xonali uy “O`zsanoatqurilishbank” ATB va pudratchi qurilish tashkilot “Lobar-Sh” xususiy korxonasi tomonidan ajratilish ko`zda tutilgan. Ko`p qavatli uy-joy bitganidan so`ng shahar hokimligiga tegishli bayonga muvofiq kompensasiya sifatida ajratilayotgan uy-joylarni Markaziy bank tomonidan tijorat banklari bilan kelishilgan holda tasdiqlangan taqsimotga asosan o`rnatilgan tartibda rasmiylashtirilib berilishi lozim bo`lgan. Ammo, Jongul Meylieva nomiga ajratib berilgan Qarshi shahri O`zbekiston ko`chasi 295-uy, 11-xonadonni “Lobar-Sh” xususiy qurilish korxonasi rahbari Sh. Bekbo`taev “Qishloqqurilishbank” ATB ga firmasining boshqa bir qarzini yopish uchun berib yuboradi. Muammolar zanjiri xuddi shu erdan boshlanib, bugungi kunga qadar “uchar quruvchi tadbirkor”ning tepadagi “juda yaqin” tanish-bilishlari orqali yopilib kelayotgani ham muammoning tuguni mana 8 yildirki qimirlamayotganiga sabab bo`lishi mumkinmi? Qiziq, murojaatda keltirilishicha, kafillik bergan “yuki” bor tashkilot ham, Qashqadaryo viloyat hokimligi ham, viloyatning “snos”ga tushgan aholini uy-joy bilan ta`minlashga bosh-qosh mas`ul mutasaddilar ham,hamma narsadan xabardor, ammo o`zining tan olishicha, negadir “qo`li bog`liq” tijorat banklari ham, hatto Oliy sud hakamlari ham og`zilariga tosh solib olishganidek jim turishibdi. Nahotki, Sh. Bekbo`taev shu qadar “kuch-qudratga” ega bo`lsa-yu, qolganlar uning qo`lida qo`g`irchoq bo`lishsa. Har holda shikoyat arizasi bilan tanishib chiqqach shunaqa xulosaga kela boshlaydi kishi.
Adliya vazirligi tashkil qilgan ma`nosiz “cho`pchak aksiya”
Joylarda Adliya vazirligi tomonidan fuqarolarning muammolariga yuridik va diplomatik tarzda echim topish maqsadida tashkil qilingan maxsus aksiyalar shunchaki “teatr” vazifasini o`tab bergani ham achinarli hol. Chunki Qashqadaryoda bir emas, ikki marotaba vazirlik tomonidan tashkil qilingan bu aksiyada qatnashgan fuqarolar qatori bizga murojaat yo`llaganlar ham shunchaki navbatdagi rasmiyatchilik va “qop-qop va`dalar”ning guvohi bo`lishdi. O`ylab qolasan kishi o`zi muammolar girdobida qolgan odamga tag`in uni chuvalashtirishning nima keragi bor? Xuddi “Huquqlarni himoya qilamiz” deb tashkil qilinayotgan va natijasi ham shunga monand ma`nosiz cho`pchak aksiyalar kabi.
Oliy sud – Adolat qo`rg`onimi yoki bu eskirgan safsata
Oliy sud raisi o`rinbosari X. Yodgorov boshchiligida joriy yilning 13-iyul kuni Kasbi tumanida o`tkazilgan “Sayyor qabul” da ham bu savol o`rtaga tashlanganda o`rinbosar yana qog`ozbozlikni ilgari surganidan hafsalasi pir bo`lgan murojaatchi xuddi u ta`kidlaganidek, “Barcha fikr-mulohazalaringizni yozma ravishda bizga ma`lum qiling, o`rganib ijobiy hal etimiz” so`zlariga ishonib murojaat yo`llaydi. Afsuski, Oliy suddan panoh istab yozilgan shikoyat arizasi hatto ochib ham ko`rilmagan. Zotan, yuborilgan murojaat hatto buklanmay, sahifalari ochib ko`rilmay ortiga qaytarib yuborilganidan ham buni anglash qiyin emas edi.
E`tiboringizga so`nggi umid, yo`q so`nggi ilinj sifatida Oliy sud raisiga Jongul Meylievaning turmush o`rtog`i Omondavlat Jonqobilov tomonidan yuborilgan murojaatdagi so`zlarni aynan keltirib o`tamiz.
"... Ishoning, so`nggi manzilimiz ham, ishonch va najotimiz ham Oliy sud. Chunki bu tabarruk sudni “Adolat qo`rg`oni” deb bilganlar faoliyat ko`rsatishadi. Ana shu sharafli kasb egalari o`ylaymanki, chorasiz qolgan bir oila taqdirini millat taqdiri sifatida ko`rib chiqib, masalamizni ijobiy hal etishingizdan umidvormiz... "
Lekin, afsuski, (Oliy sud raisiga esa etib ham bormagan) bu murojaat xuddi kimsasiz orolda o`z aks-sadosiga aldanib qolgan kishining holatiga o`xshaydi. Sud binosidagi “Haq-huquqingizni himoya qilamiz va tiklaymiz” jumlasini ko`rib bir qarashda huquqlari poymol bo`lgan kishi ko`ngliga taskin beradigandek. Aslida esa adolat izlab borganlar hayotida uning ta`siri sezilmaydi.
Tag`in ham Oliy sud Adolat qo`rg`onimi yoki bu yillar o`tib eskirgan safsatami? Bu savollarga ham javobsiz qolmaslik imkoni bor, faqatgina faoliyati tanqid ostiga olingan Oliy suddagilar biroz e`tibor qaratishsa bo`lgani. Javob ham tayyor, izoh ham.






