Bugun, 17 dekabr kuni dzyudo bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasiga tajribali mutaxassis – gresiyalik Ilias Iliadis bosh murabbiy sifatida tayinlandi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lumot uchun, Ilias Iliadis dzyudo bo`yicha uch karra jahon chempioni, 2004 yilda Afinada o`tkazilgan Olimpiya o`yinlari g`olibi hisoblanadi. Bugun Milliy olimpiya qo`mitasida Ilias Iliadis bilan bosh murabbiy sifatida mamlakat dzyudo federasiyasi shartnoma imzoladi.
Ushbu marosimda MOQ rahbariyati,O`zbekiston dzyudo federasiyasi mutasaddilari,O`zbekiston boks federasiyasi rahbariyati, federasiya murabbiylar shtabi va OAV xodimlari ishtirok etdi.
O`zbekiston dzyudo federasiyasi va gresiyalik Ilias Iliadis o`rtasida tuzilgan shartnoma 2020 yilning oktyabriga qadar amalda bo`ladi.
Bugunnin o`zida O`zbekiston terma jamoasi yangi bosh murabbiy boshchiligida o`quv-mashg`ulot yig`inini olib borish uchun Gruziyaga jo`nab ketadi. 29 dekabrga qadar mo`ljallangan mazkur yig`inda dzyudochilarimizning jismoniy tayyorgarligini oshirishga alohida e`tibor qaratiladi.






