Beshariq tuman prokuraturasi tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlarini muhofaza qilish va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ko`maklashmoqda. Yaqinda «Ma`murjon G`aniev kelajagi» xususiy korxonasiga amalga oshirilgan ta`mirlash ishlari bo`yicha vujudga kelgan qarzdorlik mablag`lari undirib berildi. Bu haqda "Darakchi"ga Farg`ona viloyati Beshariq tumani prokurori, adliya kichik maslahatchisi xabar berdi.
Bu mablag`larni undirish uchun tadbirkor kimlarga mo`ltirab, kimlar bilan tortishmadi deysiz... Ammo bir yil tdavomida korxona ishchilarining mehnat haqi, peshana teri bo`lgan mablag`larni to`lab berish paysalga solib kelindi.
Oxiri Beshariq shahar, Buloqboshi ko`chasi, 21-uyda yashovchi «Ma`murjon G`aniev kelajagi» xususiy korxonasi rahbari J.G`aniev tuman prokurori nomiga ariza bilan murojaat qilgan. U o`z arizasida «Mahalla» hayriya jamoat fondi Beshariq tuman bo`linmasi binosida amalga oshirilgan ta`mirlash ishlari bo`yicha vujudga kelgan qarzdorlikni undirishda amaliy yordam so`ragan. Tadbirkorning bajarilgan ishlar bo`yicha xizmat haqlarini undirib berish haqidagi murojaati o`rganib chiqildi.
Murojaatni o`rganish davomida tuman prokuraturasining aralashuvi bilan «Mahalla» hayriya jamoat fondi Beshariq tuman bo`linmasidan 79.369.000 (etmish to`qqiz million uch yuz oltmish to`qqiz ming) so`m qarzdorlik xususiy korxonasi hisobiga undirib berildi.






