Buyuk Britaniyaning Kembrij shahrida ekologik jihatda toza materiallardan qurilgan masjid barpo etildi. Shu kunlarda ushbu masjidning ochilish marosimi ham tashkil etilgan.
Islam-today nashrining ma`lum qilishicha, musulmonlar uchun qulaylik yaratish maqsadida qurilgan yirik masjidni barpo etish uchun butun dunyo xayriya jamg`armalari va tashkilotlaridan mablag`lar kelib tushgan.
Ushbu masjidda bir vaqtning o`zida 1 ming nafar namozxon ibodatlarini amalga oshirishi mumkin. Masjidning e`tiborli yana bir jihati uning ekologik toza ekanidir. Masjid qurilishida ekologik jihatdan toza bo`lgan marmar va yog`och materiallaridan foydalanilgan.
Binoning uglerod chiqindilarini havoga chiqarish miqdori butunlay nol darajaga teng. Yomg`ir suvlari esa masjidning tom qismidagi maxsus konstruksiya orqali rezervuarga to`planadi va u ko`chatlarni sug`orish va boshqa ehtiyojlarda qo`llanilishi qayd etilgan.
Bundan tashqari, masjidning tom qismida quyosh panellari o`rnatilgan, bu masjid binosining elektr energiyasiga bo`lgan ehtiyojini uchdan bir qismini qondiradi, deya xabar beradi O`zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati.






