AsosiyJinoyat

Soxta IIB xodimi haqiqiy ichki ishlar xodimlari tomonidan qo`lga olindi

'Soxta IIB xodimi haqiqiy ichki ishlar xodimlari tomonidan qo`lga olindi'ning rasmi

Jinoyat ishlari bo`yicha Namangan shahar sudi ochiq sud majlisida JKning 166-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan ayblangan Azimjon Alievning (ism-sharifi o`zgartirilgan) jinoyat ishi ko`rib chiqildi. Bu haqda shahar sudining sudyasi Nodirbek Rayimqulov ma`lum qildi, deb xabar bermoqda «Daryo».

Sudlanuvchi 1990 yili Namangan tumanida tug`ilgan, muqaddam 2015 yil yuqoridagi kabi jinoyatni sodir etganligi sababli 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Amnistiyaga asosan jazoning o`talmay qolgan qismi axloq tuzatish ishlariga almashtirilib, qamoqdan ozod etilgan va tayinlangan jazodan 2016 yil 30 dekabr kuni amnistiya aktiga asosan ozod qilingan.

Ammo u bunday engillikdan o`ziga to`g`ri xulosa chiqarmay yana jinoyatga qo`l urdi. 2017 yil 22 may kuni soat 10:30 atrofida Namangan shahar, «Furqat» MFY hududida joylashgan kanalga borib, u erda uch nafar voyaga etmagan bola cho`milayotganligini ko`rgan. Bolalar bu erdan ketmoqchi bo`lganida ularni to`xtatib, nima qilib yurganligini so`raganida ular bu erga cho`milish uchun kelganligi, maktabda 8-sinf o`quvchisi ekanliklarini aytishgan.

Shunda u o`zini ularga IIB xodimi sifatida tanishtirib, dars vaqtida tentirab yurganlari uchun ularni ichki ishlar idorasiga olib borishi va ota-onasini chaqirib, jarima solishini aytadi. Qo`rqitib, telefon yoki pullari bo`lsa berishini talab qiladi. Shunda M.A. ismli bola Artel rusumli telefoni borligini aytib, unga qurilmasini tutqazadi.

Shundan so`ng Azimjon Aliev ularni qo`yib yuboradi. Bolalar yo`llarida uchragan IIB xodimlariga bo`lgan voqeani aytib, arz qiladi. Ular bolalar bilan birga kanal atrofiga kelib, Alievni qo`lga oladi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilib, munosib xulq-atvorda bo`lish haqidagi tilxat qo`llaniladi. Biroq Azimjon avval ham qamalib chiqqani uchun qo`rqqanidan Toshkentga qochib ketadi.

2017 yil 18 iyulda sud tomonidan qidiruv e`lon qilinib, unga nisbatan qo`llanilgan munosib xulq-atvorda bo`lish haqidagi tilxat qamoq ehtiyot chorasiga almashtiriladi.

Joriy yil oktyabr oyida uning Toshkentda ekanligi aniqlanib, olib borilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlar tushuntirildi. Shundan so`ng Azimjon Aliev Namanganga qaytib kelib, IIB xodimlariga taslim bo`ldi.

Sud ushbu jinoyat ishini qo`rib chiqib, A.Alievga qonun sanksiyasida nazarda tutilgan jazodan ham engil jazo tayinladi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan JKning 57-moddasini qo`llab, 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Boshqa yangiliklar